O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Prezidentlar muqaddas Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, ezgu istaklarini izhor qildilar.
Qirg‘iziston Prezidentining joriy yil mart oyidagi mamlakatimizga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.
Savdo, sanoat, energetika, transport va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyatni barqarorlashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mamnuniyat bilan qayd etildi.