Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 may kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorakdagi ko‘rsatkichlar tahlili hamda joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Murakkab pandemiya sharoitida davlatimiz tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlangani natijasida iqtisodiy barqarorlik, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va ish o‘rinlarini saqlab qolishga erishildi.
Jumladan, birinchi chorakda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 3 foizga, sanoat 3,8 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,1 foizga o‘sgan. Davlat byudjeti daromadlari prognozga nisbatan qariyb 2 trillion so‘mga ko‘paygan. Eksport hajmi yanvar-aprel oylarida 3,2 milliard dollarni tashkil etgan.
– Bu ko‘rsatkichlar, albatta, yaxshi. Bunga erishish uchun qonunlar, qarorlar qabul qilib, juda katta imkoniyatlar yaratdik, mablag‘lar berdik. Agar hamma tarmoq rahbarlari “aravani tortganida” bu ko‘rsatkichlar ikki barobar ko‘p bo‘lardi. Vazirliklarning “vertikal tizimi” ishlamayapti. Vazirlarda tashabbuskorlik, ularning o‘rinbosarlarida vakolat va javobgarlik yetishmayapti. Korrupsiyaga chek qo‘ysak, joylarda tizim ishlasa, viloyat, tuman va shahar hokimlari mas’uliyatini oshirsa, iqtisodiyot o‘zi rivojlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda ayrim tarmoq va hududlardagi suskashliklar ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, birinchi chorakda “O‘zavtosanoat”da ishlab chiqarish hajmi 40 foiz, “O‘zbekneftgaz” tizimida 4,7 foiz, charm mahsulotlari tarmog‘ida 10 foizga pasaygan. So‘nggi yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshgan bir paytda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 foizga kamaygan. Shuningdek, 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,1 trillion so‘m kamayishiga yo‘l qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari birinchi yarim yillikda bunday qoloqlikliklarni bartaraf etish, qo‘shimcha zaxiralarni topib, amalda ishga solish kerakligini ta’kidladi.
Iqtisodiy o‘sish uchun, eng avvalo, energiya resurslari zarur. Sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar va aholi ehtiyojlarini to‘la qondirish uchun “O‘zbekneftgaz” tomonidan ikkinchi chorakda 9 milliard kub metr tabiiy hamda 165 ming tonna suyultirilgan gaz, “Issiqlik elektr stansiyalari” va “O‘zbekgidroenergo” tizimida jami 15,5 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarish talab etiladi. Elektr texnikasi, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi sanoat tarmoqlarida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Yig‘ilishda davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalasiga ham e’tibor qaratildi. “Hududgazta’minot”, “O‘zdonmahsulot”, “Agroservis”, “Agrolizing” korxonalarida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Investitsiya va eksport masalalari atroflicha muhokama qilindi. Qayd etilganidek, joriy yilning ikkinchi choragida 75 trillion so‘mlik investitsiyalarni o‘zlashtirish, buning evaziga 43 ta tarmoq va 2 ming 500 ta hududiy loyiha doirasida yangi quvvatlarni ishga tushirish mo‘ljallangan.
Bu borada yengil sanoat tarmog‘ida Asaka, G‘ijduvon, Kogon, Qarshi, Xatirchi, Qibray tumanlari va Chirchiq shahrida umumiy qiymati 220 million dollarlik yirik to‘qimachilik korxonalarini foydalanishga topshirib, 3 mingga yaqin aholini doimiy ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Prezident mutasaddilarga har bir investitsiya loyihasi ijrosini qat’iy nazoratga olib, korxonalar ishga tushirilishini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Birinchi yarim yillikda eksport hajmini 5,2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati hisob-kitob qilingan.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston benefitsiar bo‘lgan “GSP+” tizimi imkoniyatlaridan keng foydalanish, “Oeko-Tex” standartlariga mos to‘qimachilik korxonalari sonini ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqib, mahalliy korxonalar mutaxassislarini o‘qitish ham zarur.
Ma’lumki, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash kun sayin dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Go‘sht va o‘simlik yog‘ining jahon bozoridagi narxlari bir yildan buyon to‘xtovsiz o‘smoqda. Bunday sharoitda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish kerak.
Shu maqsadda chorvachilik yo‘nalishida mingta, parrandachilikda 277 ta korxonani ishga tushirish, 1 million gektardan ziyod asosiy maydonlarda hamda ekinlardan bo‘shaydigan yerlarda sabzavot, kartoshka, sholi, poliz va ozuqa mahsulotlarini yetishtirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz yog‘-moy mahsulotlariga aholi talabini qondirish maqsadida joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlar yetishtirib, 86 ming tonna moy ishlab chiqarish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.
Iqtisodiy kompleksga kiruvchi tashkilotlarga past quvvatlarda ishlayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga faoliyatini jonlantirish uchun ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi. May-iyun oylarida oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratish, bu orqali kamida 30 ming nafar fuqaroga daromad manbai yaratish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, hududiy dasturlar doirasida 13 mingta, bo‘sh yer uchastkalarini sotish orqali 5 mingta, Bandlik, Xotin-qizlar va Yoshlar jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha 10 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish mumkin.
Polietilen, polipropilen, polivinilxlorid va kalsiylangan soda kabi xomashyolarning birja orqali sotishni kengaytirish, mebel sanoatini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bular mahalliy korxonalarning barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘ladi.
Prezident ajratilgan kredit resurslarining samaradorligi va qaytimi borasidagi kamchiliklarni tanqid qildi.
– Joylarda kredit hisobidan tashkil etilayotgan korxonalarni infratuzilmaga ulash, mahsulot bozorini topishga ko‘maklashish bo‘yicha tarmoq, hudud yoki sektor rahbarlari tizimli ishlamayapti, – dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilarga muammoli korxonalarni aniqlab, ularga “yashirin iqtisodiyot”dan chiqish uchun sharoit yaratish, kreditlarni manzilli va maqsadli ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlat soliq qo‘mitasiga tadbirkorlarning fikr va e’tirozlarini inobatga olib, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarni ro‘yxatga olish, soliqlarni hisoblash tizimini yanada takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar birinchi yarim yillikda tarmoq va hududlarni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.