12 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida korxonalarning kredit qarzdorligi ortib ketayotgani, pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanishi kabi jiddiy kamchiliklar borligi qayd etildi.
– Yana bitta muammo, bu mablag‘larning bankdan tashqari aylanishidir. U tarmoqlar va hududlar rahbarlarining beparvoligi tufayli yuzaga kelgan. Bu degani, o‘zlaring korrupsiya qilayapsizlar. Nima ko‘rmayapsizlarmi mahsulot ishlab chiqaryapti, ko‘rmayapsizlarmi korxona ishlayapti, xizmat ishlayapti. Nimaga soliqchi bormaydi, nimaga Qudbiyev jar solmaydi? Nimaga viloyat hokimlari qo‘liga qalam olmaydi? – dedi davlatimiz rahbari.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan 3 yilda hududiy dasturlar doirasida 16 trillion so‘mlik kredit hisobiga amalga oshirilgan 4,2 mingta loyihaning 50 foizi, joriy yildagi 11,5 trillion so‘mlik 2,6 mingta loyiha bo‘yicha 80 foiz pul tushumlari bankdan tashqari aylanmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatida – 477 ta, Surxondaryo viloyatida – 463 ta, Qoraqalpog‘istonda – 424 ta, Xorazm viloyatida – 415 ta, Namanganda – 414 ta Andijonda – 370 ta, Farg‘onada – 356 ta.
– Mana sizlarning yuzlaring qanday? Janob Qo‘chqorov, stolni siz qattiq urishingiz kerak. Tizimingiz bor, birinchi o‘rinbosarlaringiz, banklar bor, viloyat hokimlari, birinchi o‘rinbosarlari sizga bo‘ysunadi. Selektorlarda menga falon foiz ishchi joyi qilayapman deb balanparvoz hisobot beradi. 16 trillion katta pulmi biz uchun? Juda katta pul! Korxona ishlatmayotgani, pul bankdan tashqari aylanayotgani qip-qizil korrupsiya emasmi? – dedi Prezident.
Bu raqamlar joylardagi loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, ko‘zbo‘yamachilik uchun amalga oshirilayotganini anglatishi ta’kidlandi.
– Shuncha mablag‘ bankdan aylansa, soliq tushsa bizning qancha-qancha imkoniyatlarimiz, ko‘rsatkichlarimiz oshadi. Shu paytgacha bunaqa tizim bo‘lgani yo‘q, tadbirkorlar ham buncha pulni ko‘rgani yo‘q. Lekin buning hisob-kitobi bo‘lishi kerakmi? – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinborsari J.Qo‘chqorov va Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev mazkur masala bo‘yicha axborot berdi. Korxonalarning kreditni qaytarish ko‘rsatkichi past va pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanish hollariga yo‘l qo‘yayotgan hududlar hokimlari qattiq jazolanishi eslatib o‘tildi.
Qayd etilishicha, joylarda kredit hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning aksariyatida infratuzilmaga ulash, texnolog, marketolog topishda yordam berish, mahsulot bozorini topish orqali uni sotishga ko‘maklashish bo‘yicha birorta tarmoq, hudud, sektor va tijorat banklari rahbarlari tizimli ishlarni tashkil etmagan.
Yig‘ilishda mutasaddilarga tijorat banklari rahbarlari bilan birga ikki oy muddatda ushbu korxonalar muammolarini aniqlab, ularni “soyadan” chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.
Joylarda davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha belgilangan parametrlarni bajarishda raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish ko‘p uchrayotgani ma’lum qilindi.
Bosh prokurorga kreditlarning maqsadli ishlatilishi bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatish va aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish yuzasidan topshiriq berildi.