Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda ikkinchi chorakda sanoatning yoqilg‘i-energetikadan tashqari, boshqa tarmoqlarida jami 95 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, birinchi yarim yil yakuni bilan 7 foizga o‘sishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezident “Hududgazta’minot”, “O‘zdonmahsulot”, “Agroservis”, “Agrolizing” korxonalarida transformatsiya jarayonlari sust ketayotganini ta’kidladi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari S.Umurzoqov, J.Qo‘chqorovga ikkinchi chorakda 75 trillion so‘mlik investitsiyalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Shundan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar – 1,7 milliard dollar, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari – 1,1 milliard dollar, byudjet mablag‘lari – 8 trillion so‘m, bank kreditlari – 13 trillion so‘mni tashkil etishi lozim.
1 iyulga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan 43 ta yirik tarmoq hamda 2,5 mingta hududiy loyihalarni yakunlash bo‘yicha nazorat tizimini o‘rnatish kerakligi ta’kidlandi. Jumladan, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birga, 1 iyulga qadar Asaka, G‘ijduvon, Kogon, Qarshi, Xatirchi Qibray tumanlari va Chirchiq shahrida umumiy qiymati 220 million dollarlik 6 ta yirik to‘qimachilik korxonasini ishga tushirib, 2,5 ming nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlashi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimlari muddatida ishga tushmaslik xavfi mavjud bo‘lgan loyihalar bilan shaxsan o‘zlari shug‘ullanishlari shart va zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
M.Kamolov, B.Zaripov, E.Soliyev, E.Turdimov, T.Bobolov, X.Bozorov, D.Hidoyatovga 1 iyulga qadar yangi sanoat korxonalari tashkil etish sust bo‘lgan 15 ta tumanda kamida 10 tadan loyihani boshlab, yil yakuniga qadar ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.
– Har bir rahbar raqamlarga mas’ul va javobgar, – dedi Prezident.