Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda ayrim tarmoq va hudud rahbarlari yaratib berilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmayotgani tanqid qilindi.
– Birinchi chorakda “O‘zavtosanoat”da ishlab chiqarish hajmi 40, “O‘zbekneftgaz”da 4,7, charm mahsulotlarida 10 foizga pasaygan. So‘nggi bir yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshgan bir paytda, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 foizga kamayishini qanday izohlash mumkin? – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,1 trillion so‘mga kamaygangani qayd etildi.
Videoselektorda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va tarmoqlar rahbarlari, barcha hokimlar may-iyun oylarida yo‘l qo‘yilgan qoloqlikliklarni bartaraf etish uchun quyidagi yo‘nalishlarda ishlarni tashkil etishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, iqtisodiy o‘sish uchun asosiy energoresurslar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish lozim.
Qayd etilishicha, birinchi chorakda tabiiy gaz qazib chiqarish 1,7 foizga kamaygani oqibatida 600 ming tonna sement, 55 ming tonna mineral o‘g‘itlar, 330 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlari ta’minlanmagan.
A.Sultonov, M.Abdullayevga ikkinchi chorakda birinchi chorakdagi qoloqlikni bartaraf qilib, 9 milliard kub metr tabiiy hamda 165 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni so‘zsiz ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Issiqlik elektr stansiyalariga “O‘zbekgidroenergo” AJ bilan birga sanoat tarmoqlari, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi ehtiyojlarini to‘la qondirish uchun ikkinchi chorakda jami 15,5 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.
A.Sultonov, U.Mustafoyevga viloyat hokimlari bilan birga, joriy yil 1 avgustga qadar mavjud kechikishni to‘liq bartaraf etgan holda, ASKUE tizimini 100 foiz ishga tushirish kerakligi ta’kidlandi.