G‘alaba bog‘ida 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 76 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bugun kechki payt ko‘rgazmali urush lavhalariyu mushakbozlikka ulandi.

Badiiy-musiqiy kompozitsiyada 1941 yildan tortib, Ikkinchi jahon urushining ko‘plab davlatlar qatori o‘zbek xalqi boshiga solgan dahshati, katta yo‘qotishlari bilan bir qatorda o‘zbek xalqi, xususan, dovyurak o‘g‘lonlarimiz jasorati, jafokashligi va qahramonligi aks ettirildi.

Xalqimizga xos bag‘rikenglik, vafo va sadoqat xislatlari  “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasida Zulfiya Zokirova timsolida gavdalantirildi.

Bog‘ markazidan o‘rin olgan rangin favvoraning ikki yonidagi yirik ekranlarda 1945 yilda e’lon qilingan G‘alaba sadosi, urush qatnashchilari kayfiyati harbiy orkestr jo‘rligida sahnalashtirildi.

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 76 yilligiga bag‘ishlangan ushbu badiiy-musiqiy kompozitsiya va jangovar texnikalar namoyishi yana 10 kun davom etadi.

 

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti