Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Senatga yuborildi.

Xo‘sh, qanday zarurat tufayli saylov kodeksiga o‘zgartirish kiritilmoqda?

Avvalo saylov qonunchiligimizni umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yanada takomillashtirish zarurati, qolaversa, amaldagi qonunchilikning tahlillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish borasida ayrim muammolar mavjudligi saylov kodeksini qayta ko‘rib chiqishni yuzaga chiqardi. Shundan kelib chiqib tayyorlangan mazkur qonun loyihasi bilan Saylov kodeksining qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, 14, 20, 22, 101 va 102-moddalarida yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishni chiqarib tashlash nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari loyiha bilan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar faqat sud tomonidan ko‘rib chiqilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi 11-18 nafar a’zodan iborat tarkibda tuzilishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, 31-moddadan saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi ko‘rsatilishi haqidagi norma chiqarib tashlanmoqda.

Qonun loyihasi saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni tuman (shahar) hokimliklarini kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilgan holda o‘tkazish, bunda, ushbu tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligi, saylovchilar partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yganda ma’lumotnomada identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini kiritish kabi normalar bilan to‘ldirildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, loyihani ishlab chiqish davomida ko‘plab ilg‘or demokratik davlatlar saylov qonunchiligi o‘rganildi, milliy qonunchilik tahlili asosida uni yanada takomillashtirish yuzasidan huquqshunos olimlar va mutaxassislar fikrlari to‘plandi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasining mamlakatimizda saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari hisobga olindi. Natijada Kodeks shu paytgacha tartibga solinmagan qator demokratik tamoyillarga javob beradigan normalar bilan boyitildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Saylov kodeksiga davr talabidan kelib chiqib, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgani avvalo, mamlakatimiz saylov tizimida qonun hujjatlari normalari takrorlanishining oldini olishga, qolaversa, saylov jarayonlarini tashkil etishdagi bir qator murakkabliklarni soddalashtirishga xizmat qiladi.

Asosiysi ushbu Kodeksning hayotga tatbiq etilishi Yangi O‘zbekistonda saylov jarayonlari yanada oshkoralik ruhida o‘tishini ta’minlaydigan yangi, ilg‘or amaliyotni joriy etishni huquqiy jihatdan kafolatlaydi.

 

Shaxnoza Xolmaxmatova ,

Oliy Majlis Konunchilik palatasi deputati