Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida maktab va oliy ta’lim muassasalarida chet tillarni o‘qitish sifatini oshirish uchun xalqaro andozalarga mos darslik va metodik qo‘llanmalarni joriy etish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Ingliz tili bo‘yicha Kembrij universiteti nashriyoti darsliklarini 200 ta maktabda sinovdan o‘tkazib, keyingi yildan barcha maktablarda tatbiq etish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari yil yakuniga qadar bu ishlarni nemis, koreys, xitoy va fransuz tillari bo‘yicha ham tashkil etish lozimligini ta’kidladi.

– O‘qituvchilarimiz o‘z sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangi adabiyot va qo‘llanmalardan muntazam xabardor bo‘lib borishlari kerak. Buning uchun, yangi o‘quv yilidan boshlab, maktab o‘qituvchilariga yangi adabiyot va qo‘llanmalarni sotib olish uchun byudjetdan 1 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi (53 ming o‘qituvchiga yiliga jami 53 milliard so‘m – tah.).Shu kabi Maktabgacha ta’lim vazirligi YUNISEF bilan hamkorlikda, yil yakuniga qadar 7 yoshgacha bolalarga chet tillarini o‘qitish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqib, bog‘chalarda joriy etilishini ta’minlasin, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda chet tillarini o‘qitish uchun oliy ta’lim tizimida mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirish kerakligi qayd etildi.

– Hozirgi kunda oliygohlardagi 78 foiz professor-o‘qituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz ahvolda. Masalan, Nukus tibbiyot, Andijon iqtisodiyot va qurilish, Milliy rassomchilik va dizayn institutlari kabi 18 ta oliygohda birorta o‘qituvchi xorijiy tilni bilish sertifikatiga ega emas. Har bir oliygoh rektori bir yil ichida chet tili o‘qituvchilari – 100 foiz, kelgusi 3 yilda esa kasbiy fanlar o‘qituvchilarining 50 foizi xalqaro sertifikat olishiga erishishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunda oliygohlar o‘qitish va sertifikat olish xarajatlari o‘z jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

 

O‘zA