Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 30 aprel kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida barcha sohalar bo‘yicha qaror va farmonlar qabul qilinayotgani, bundan maqsad yangi ish o‘rinlari yaratish va xalqimizni daromad bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi. Qarorlar qabul qilishda har bir soha bo‘yicha mablag‘i va yaratiladigan ishchi joylari aniq ko‘rsatilayotgani qayd etildi.

– Juda og‘ir sharoitda yashayapmiz. Dunyoda iqtisodiyot bo‘yicha vaziyat juda og‘ir. Hamma soha bo‘yicha qaror va farmonlar qabul qilib, tizimini, sharoitini yo‘lga qo‘yib berdik. Endi rahbarlar mablag‘larni topish va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha ishlashi kerak. Yaqinda xizmatlar sohasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida tuman va shaharlar hokimlariga barcha topshiriqlar berildi. Hokimlar xizmatlar bo‘yicha qanday qarorlar qabul qiladi, nima o‘zgarish qiladi – endi ular faoliyatiga shunga qarab baho beriladi, o‘zgarish qilmasa tuman, shahar rahbarlari ishdan ketadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident rahbarlar mas’uliyati va javobgarligi masalasiga yana bir bor to‘xtaldi.

– Rahbarlar har hafta xizmatlar bo‘yicha tahlil olib borishi kerak. Afsuski, joylarda korrupsiya holatlari haliyam barham topmayapti. Korrupsiyani ildizi bilan yo‘qotmasak, qilayotgan islohotlarimiz amalga oshmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda qurilish materiallari, mebel, uy-joy va maishiy xo‘jalik mollari, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika, charm-poyabzal, zargarlik, chinni buyumlari, oziq-ovqat va meva-sabzavotni qayta ishlash kabi sanoat tarmoqlarida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilmoqda.

Qayd etilganidek, so‘nggi 3 yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga oshdi. Lekin, bu hali ichki ehtiyojni to‘liq qoplayotgani yo‘q.

Sementga bo‘lgan ehtiyoj – 86 foiz, qurilish oynasi – 69 foiz, keramik buyumlar – 40 foiz, gulqog‘oz (oboy) – 30 foiz, lak-bo‘yoq – 65 foizga ta’minlanmoqda.

O‘tgan yili qariyb 1 milliard dollarlik (metall va yog‘ochdan tashqari) qurilish materiallari import qilingan.

– Afsuski, bugungi kungacha birorta tuman, shahar yoki viloyat rahbari mahalliy sanoat salohiyati va undan foydalanishni chuqur va puxta o‘ylab ko‘rgani yo‘q. Hududga nima chetdan olib kelinayapti, nimani o‘zida ishlab chiqarish mumkin, buning uchun nima qilish kerak, degan savollar hokimlarni har kuni qiynashi kerak, – dedi Prezident.

 

O‘zA