Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
bugungi kunda mamlakatimizda 23 ta erkin iqtisodiy va 348 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilib, 36 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Kichik sanoat zonalarida esa 5 trillion so‘mlik 1 ming 497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi ta’minlangan.
Shu bilan birga, bu hududlarda hali imkoniyatlar ko‘p. Shu maqsadda bugun davlatimiz rahbari “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, joriy yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun 1 trillion 600 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Xususan, 17 ta erkin iqtisodiy zonada qo‘shimcha elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yo‘llarini barpo etish uchun 584 milliard so‘m, 145 ta kichik sanoat zonasi uchun 395 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Yirik investitsiya loyihalarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 232 milliard so‘m ko‘zda tutilgan. Rivojlanishdan ortda qolgan 33 ta tumanda sanoat va biznesni jadal rivojlantirish uchun 264 milliard so‘m ajratiladi.
Mutasaddilarga mazkur mablag‘larni ajratish va maqsadli ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev endigi eng muhim masala erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish ekanini ta’kidladi.
Joriy yilda erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan 332 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 9,5 trillion so‘m bo‘lgan 1 ming 800 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Mutasaddilar mazkur loyihalar yuzasidan hisobot berdi. Bu loyihalar yurtimizda sanoatni yanada rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
Yig‘ilishda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.