Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Elektr energiyasi aholi uchun ham, iqtisodiyot uchun ham eng kerakli manbalardan biri. Uning barqaror ta’minoti uchun esa aniq hisob-kitob, zamonaviy texnologiyalar zarur. Shu maqsadda har bir uy, korxona va muassasaga elektron hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha jami 6 million 578 mingdan ortiq iste’molchi shunday uskunalar bilan ta’minlangan.
Ushbu innovatsion markaz mijozlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. 20 million dollarlik mazkur loyiha Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan va 2020 yil avgustda ishga tushirilgan. Markazga katta sig‘imli serverlar o‘rnatilgan. Dasturiy ta’minot 8 million iste’molchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Shu modulni kengaytirish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliongacha yetkazish imkoniyati bor.
Shuningdek, hududlardagi elektr ta’minoti korxonalarida kichik “data-sentr”lar tashkil etilgan va mazkur markaz bilan bog‘langan.
Bularning barchasi tuman, shahar, viloyat va respublika kesimida ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, soatlik, kunlik, oylik va yillik balanslarni to‘g‘ri shakllantirish, pirovard natijada elektr energiyasining aniq hisobini yuritishga xizmat qilmoqda.
– Elektron hisoblagichlar o‘rnatish oson, bu birinchi qadam. Eng qiyini endi boshlanadi. Hududlarda, uzoq qishloqlarda hisoblagichlarni ekspluatatsiya qiladigan professionallar yetarlimi? Ikkinchidan, tizim tashqi ta’sirlarga qay darajada chidamli? Uchinchidan, keyinchalik tarmoq eskirishi tufayli yuzaga keladigan holatlar hisob-kitob qilinganmi? Shularni hozirdan o‘ylash kerak. Tushumlarning ma’lum bir foizini ilmga, modernizatsiyaga yo‘naltirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Butun mamlakatimiz bo‘yicha ushbu avtomatlashgan tizimga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni o‘qitadigan va qayta tayyorlaydigan markazlar tashkil etish, xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Elektron hisoblagichlar billing tizimiga ulangan bo‘lib, qarzdor iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi va elektr haqi to‘langandan keyin yoqiladi. Inson omili kamayib, noqonuniy ulanishlar, korrupsiya holatlariga chek qo‘yiladi. Markazda 100 dan ortiq malakali mutaxassislar ishlamoqda.
Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi, CAS dasturining imkoniyatlari bilan tanishdi.
Bu tizimda barcha elektr stansiyalari, nimstansiyalar, transformatorlar yuklamasi va unga ulangan iste’molchilar soni geolokatsiya orqali yaqqol ko‘rinib turadi. Har bir hududga biriktirilgan mutaxassislar onlayn rejimda butun mamlakatimizdagi holatni kuzatib boradi, zarur paytda iste’molchilarga tezkor xizmat ko‘rsatadi.
Shu yerda Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari markazdagi situatsion xonani ham kirib ko‘rdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida elektron hisoblagichli abonentlar qamrovini 2021 yil yakunigacha 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Hozirda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga jami 7 million 418 mingdan ziyod iste’molchini ulash rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi Texnoparkdagi yangi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Davlat rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ushbu innovatsion texnopark tashkil etilgan edi. O‘tgan qisqa vaqtda bu yerda zamonaviy sanoat tarmog‘i yo‘lga qo‘yildi.
Texnopark 7 ta blokdan iborat. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollardan ziyod 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili Texnoparkda elektron gaz hisoblagichlar, maishiy sovutkichlar, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, suv nasoslari, lift va eskalatorlar, forma va qoliplar ishlab chiqarishga oid oltita loyiha ishga tushirilgan.
Bu yil boshida yana 4 ta korxonada qurilish-montaj ishlari bitkazildi. Prezident shunday yangi quvvatlar – Eshik va romlar uchun furnituralar va aksessuarlar, Panelli isitish radiatorlari, Alyumin kompozit panellar va Metall konstruksiyalar korxonalarida ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ayni kunlarda korxonalarda sinov rejimida mahsulot tayyorlanmoqda.
Korxonalarda ish boshlagan yoshlar Texnopark qoshidagi o‘quv markazida malaka oshirgan. Hozir ular bu yerga o‘rnatilgan zamonaviy texnologiyalarni bemalol boshqarmoqda.
– Bu korxonalarning, albatta, iqtisodiy ahamiyati katta. Lekin meni ko‘proq quvontiradigani yoshlarimizning malakasi, ishonchi. Hozirgi yoshlar o‘qigan paytlarda bunaqa stanoklar yo‘q edi. Shu ishlarni 15 yil oldin boshlaganimizda bolalarimizning bilimi, saviyasi bugun umuman boshqacha bo‘lardi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Furnitura va aksessuarlar loyihasining qiymati 20 million dollar. Buning evaziga bino mukammal ta’mirlanib, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 450 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxona eshik va romlar uchun yiliga 6 million dona furnitura va aksessuar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu 10 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish, 3 million dollarlik eksport imkoniyatini beradi.
Yana bir korxonada 5 xil modifikatsiyadagi panelli isitish radiatorlari ishlab chiqariladi. Uning loyiha qiymati 19 million dollardan ziyod, quvvati yiliga 640 ming dona. Yevropa texnologiyasi asosida tayyorlanadigan bunday radiatorlarga ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham talab bor. Shundan kelib chiqib, 6 million dollarlik import o‘rnini bosish, 8 million dollarlikdan ko‘proq eksport qilish mo‘ljallangan. 250 kishi ish bilan ta’minlangan.
Alyumin kompozit panellar korxonasi ham iqtisodiy samarador. Unda tayyorlanadigan 432 ming dona mahsulot 10 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish, 3 million dollarlik eksportni ta’minlash imkonini beradi. Buning uchun 2 million dollar evaziga Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan. 80 ta ish o‘rni yaratilgan.
Metall konstruksiyalar ishlab chiqarish loyihasining qiymati 29 million dollar. Shunga yarasha, import o‘rnini bosish darajasi ham nisbatan yuqori – 16 million dollar. Shuningdek, 1,5 million dollarlik eksport ham rejalashtirilgan. Korxonaga Italiya texnologiyasi o‘rnatilgan bo‘lib, 3 xil sendvich panellar hamda 2 turdagi qora va yengil metall konstruksiyalar ishlab chiqariladi. Bu yerda 350 kishi ishlaydi.
Yangi ishga tushayotgan korxonalarda mahalliylashtirish darajasi 35-40 foizni tashkil etadi.
Texnoparkda barcha loyihalar ishga tushgandan keyin joriy yil yakunida 5 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi, 105 million dollarlik eksport qilinadi. 7 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari shu bilan cheklanmasdan, yangi loyihalar ishlab chiqish, qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulotlarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi Parvoz mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi.
Mahalla – obod va osuda hayotimizning bir bo‘lagi. Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, islohotlarning eng quyi bo‘g‘ingacha yetib borib, odamlar hayotini o‘zgartirishi bevosita mahalla tizimiga bog‘liq.
Darhaqiqat, har birimizning hayotimiz, taqdirimiz, yashash tarzimiz, oilalarimizdagi ma’naviy muhit, farzandlar tarbiyasini mahalladan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Mahalla obod bo‘lsa, inson xotirjam yashaydi, uyini, ostonasini, mahallasini, yurtini obod etadi.
Mamlakatimizda har bir mahalladagi «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilishga jalb etish, kommunal muammolarni hal qilib, hududini obodonlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Tashrif chog‘ida shu boradagi ishlar ijrosiga e’tibor qaratildi.
Parvoz Toshkent shahridagi eng katta mahallalardan biri – 10 ming 200 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda qisqa vaqtda mahalliy byudjet hisobidan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Jumladan, 61-sonli maktab va 306-bog‘cha mukammal ta’mirlandi. Mahalla hududidagi mustaqillikdan oldin qurilishi boshlangan tashlandiq yopiq suzish havzasini ta’mirlashga kirishildi. Mavjud 41 ta ko‘p qavatli uyning fasadi yangilanib, bolalar maydonchalari barpo etildi, ichki yo‘llar to‘liq asfaltlandi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga moddiy, tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatildi. Hunar egallashga ishtiyoqmand yoshlar kasb-hunarga o‘qitilib, ishga joylashtirildi.
Aholini ish bilan ta’minlash maqsadida joriy yilda mahalla hududida umumiy qiymati 73 milliard so‘m bo‘lgan 6 ta loyihani amalga oshirish va 310 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Mahallada 9 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyat yuritar edi. Joriy yil yanvarda “Shinam uy-joy” boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etilgach, ko‘p qavatli uylarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilandi.
Davlatimiz rahbari ushbu kompaniya binosini ko‘zdan kechirdi.
Kompaniya Yashnobod tumanida joylashgan 4 ta mahalladagi 103 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Shirkat binosida tunu kun dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilgan. 35 doimiy, 20 dan ziyod mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Binoda «Xalq banki» bo‘limi ham tashkil etilgan.
Prezident kompaniya binosidan samarali foydalanish, bu yerda shirkat faoliyatiga kirmaydigan, lekin odamlarni qiziqtiradigan xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
– Hozirgi sharoitda nima uchun “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” tizimini qildik? Agar davlat aholining kambag‘al qatlamiga, ayollar, yoshlarga e’tibor bersa, hokimliklar ish faoliyatini shunga qarab tashkil qilsa, odamlarda ishonch uyg‘onadi. Davlatga ishonch qachon bo‘ladi? Mahallada o‘zgarish bo‘lsa, – dedi Prezident.
Prezident ko‘p qavatli uylar hovlisida o‘ynayotgan bolalarga ezgu tilaklar bildirdi.
– Bolalarimiz sog‘lom bo‘lib, ko‘zlaridan nur yog‘ilsa, men uchun eng katta baxt shu. Sizlarning bilim olishingiz, kasb-hunarlar egallashingiz, sport bilan shug‘ullanishingiz uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar yaxshi o‘qib, al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek bobolarimizga munosib bo‘lib, ota-onangiz orzularini ushaltiradigan insonlar bo‘lib ulg‘aying, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga poytaxtimizdagi barcha 524 ta mahallani shunday obod qilish, buning uchun har biriga mablag‘ ajratib, loyihalarini tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Shu yerda nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat bo‘ldi.
– Ulug‘ ayyom kunlarda sizlar bilan ko‘rishganimdan xursandman. Mehr ko‘zda degandek, yoshlar, nuroniylar bilan gaplashsam o‘zimga kuch, katta rejalar olaman. Odamlarning har bir gapi menga mas’uliyat bag‘ishlaydi. Xalqimizni rozi qilsak, inshoolloh, ajri ham bo‘ladi, – dedi Prezident.
Ziyodulla Jonibekov,
Matnazar Elmurodov,
O‘zA muxbirlari