Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qarashli akademik litseylar o‘quvchilari o‘rtasida «Jaloliddin Manguberdi avlodlari» spartakiadasi yakunlandi.
Ishtirokchilar uch kun davomida ko‘p kurash, yengil atletika va mini futbol bo‘yicha bahslashdi.
Taqdirlash marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Z.Reymova va boshqalar g‘oliblarni qo‘lga kiritganlarni g‘alabasi bilan qutladi.
Musobaqa yakunida 9 mm “Makarov” pistoletini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha, Qoraqalpoq akademik litseyi terma jamoasi, to‘sinda tortilish bo‘yicha, Jizzax akademik litseyi terma jamoasi, kuch ishlatish bo‘yicha Xorazm akademik litseyi terma jamoasi, granata uloqtirish bo‘yicha Toshkent viloyati akademik litseyi terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yengil atletikadan Toshkent shahar 1-son akademik litseyi terma jamoasi birinchi, Qoraqalpoq akademik litseyi terma jamoasi ikkinchi, Samarqand akademik litseyi terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. Mini futbol bo‘yicha birinchi o‘rin Qoraqalpoq akademik litseyi terma jamoasi, ikkinchi o‘rin Buxoro akademik litseyi terma jamoasi, uchinchi o‘rin Toshkent shahar 2-son akademik litseyi terma jamoasiga nasib etdi.
– Qonliko‘l tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1-sinfdan boshlab karate bilan muntazam shug‘ullanganim musobaqada ijobiy samarasini berdi, – deydi Qoraqalpoq akademik litseyi o‘quvchisi Navbahor Daniyarova. – Spartakiada 9 mm “Makarov” pistoletini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ishda ikkinchi o‘rin nasib qilgan bo‘lsa, granata uloqtirishda qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladim.
Barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ashula va raqs ansambli a’zolari, Qoraqalpog‘iston san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA