Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 aprel kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi keng qamrovliligi bilan iqtisodiyotda, aholi hayotida muhim o‘rin tutadi. Bu sohada yangi ish o‘rinlarini kam xarajat bilan va tez muddatda tashkil etish mumkin. Aholi daromadlarining real o‘sishi ham avvalo xizmatlar rivojida seziladi.
Koronavirus pandemiyasi bu sohaga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu bois, tadbirkorlarga 24 ta turdagi soliq imtiyozlari, subsidiya va boshqa preferensiyalar taqdim etish orqali 35 trillion so‘mlik ko‘mak berildi. Bu yengilliklar ham tadbirkorlar, ham banklar uchun katta imkoniyat bo‘ldi.
Masalan, o‘tgan yili tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida xizmat sohasiga 1 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari berilgan. Bundan tashqari, tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha 14 trillion so‘m kreditlar ajratgan. Keng imtiyozlar berilgani natijasida servis sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan 500 ming nafar fuqaro rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan.
Joylarda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha murojaatlar, tashabbuslar ko‘p bo‘lmoqda. Ular asosida viloyat, tuman va shahar hokimliklari joriy yilda xizmatlar sohasida 59 trillion so‘mlik 42 mingta yangi loyihani amalga oshirish, 150 mingta doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejalar belgilagan.
Yig‘ilishda Prezident har bir loyiha ijrosini nazoratga olib, tadbirkorlarga ko‘maklashish, shu bilan birga, yangi loyihalarni shakllantirib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, xizmatlarni kengaytirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalar va namunaviy loyihalarni joriy etish bo‘yicha yangi metodologiya yaratish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun, O‘zbekiston milliy banki huzurida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha-tahliliy markazi tashkil etiladi va barcha viloyatlardagi filiallarida uning bo‘limlari ochiladi. Ularda aholiga namunaviy tayyor biznes loyihalari taqdim etiladi, kasbga o‘qitishdan biznesni yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni moliyaviy ta’minlash masalasiga alohida to‘xtaldi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil xizmatlar sohasi uchun banklar tomonidan kamida 18 trillion so‘m kreditlar yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, davlat tomonidan tijorat banklari orqali qo‘shimcha 300 million dollar ajratiladi. Shundan 150 million dollari 1 iyulgacha joylarga yetib boradi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari, mahallaga biriktirilgan mas’ullar bilan birga “mahalla – tuman – bank” prinsipi asosida loyihalar ro‘yxatini shakllantiradi. Bunda, har bir mahallada kamida 20 turdagi, tuman va shaharda kamida 70 ta turdagi xizmatlar bo‘lishi nazarda tutiladi.
Shuningdek, Milliy bank tomonidan 28 ta yirik va o‘rta shaharlarda turizm, transport, tibbiyot, ta’lim xizmatlari hamda yirik savdo komplekslari tashkil etish uchun qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilinadi.
Umuman aytganda, byudjetdan va Milliy bank tomonidan xizmat ko‘rsatish sohasiga jami 500 million dollar yoki 5,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
– Topshiriq berishdan oldin sharoit yaratayapmiz, pullar ajratayapmiz. Birgina xizmatlar sohasiga 500 million dollar beryapmiz. Buni agar halol-pok ishlatsak, necha ming ishchi joy paydo bo‘ladi. Har bir vazir vatanparvar bo‘lib, “o‘zining aravasini o‘zi tortib”, berilgan bir so‘m pulni qadrlab, joyiga yetkazsa, odamlar ishonadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Buning uchun vazirlik va idoralar rahbarlari o‘z yo‘nalishida xizmatlar rivoji uchun harakat qilishi zarurligi qayd etildi.
– Vazirlar o‘z sohasida xususiy sektor faoliyati uchun huquqiy baza yaratishi, ruxsat berish talablarini soddalashtirib, tadbirkorlikka yo‘l ochishi zarur. Qayerda davlat korxonasi, qaysi faoliyat bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik yoki xususiy sektor bo‘lishi aniq qilib belgilanishi kerak, – dedi Prezident.
Misol uchun, oxirgi 2 yilda 6 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar qurilgan. Ularning ekspluatatsiyasi bo‘yicha boshqaruv kompaniyalari tashkil etish, mavzelar ichida turli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Yoki, xavfsizlik talablarini qo‘ygan holda, aeroport, temir yo‘l va avtovokzallar hududlarida, magistral yo‘llar yoqasida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish tadbirkorlarni daromad, aholini ish bilan ta’minlaydi.
Axborot sohasida xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish, narxlarni arzonlashtirish va sifatini oshirish hisobiga aloqa va internet xizmatlari hajmini kamida 2 baravarga, dasturlashni 3 baravarga oshirish imkoniyati bor.
Xuddi shu kabi, barcha vazirlik va idoralar tizimida foydalanish zarur bo‘lgan yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
Servisni aholiga yaqinlashtirish maqsadida mahallalarda yengil konstruksiyalardan xizmatlar markazi barpo etish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, 28 ta shahar hamda aholisi 150 mingdan ko‘p bo‘lgan tuman markazlarida savdo va xizmatlar uchun maxsus ko‘chalar tashkil etilishi belgilandi. Ularda 100 mingta tadbirkorlik sub’ektlarini joylashtirish imkoni mavjud.
Xizmat ko‘rsatishda eng muhim masala – bu manzilni to‘g‘ri tanlash. Shu bois Qurilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan ko‘chalar hamda markazlarning joyini tanlab, loyihasini ishlab chiqish, lotlarga bo‘lib, tanlov asosida savdoga chiqarish topshirildi. Xavfsizlik choralarini ko‘rib, ushbu savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining kunu tun ishlashiga ruxsat berilishi ham mumkin.
Ko‘p tarmoqli shifoxonalar va uning atrofida xususiy sheriklik asosida tibbiyot klasterlari, oliy o‘quv yurtlari hududida xorijiy tillar, tayyorlov va kasbga o‘rgatish kurslari tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda mutasaddilar joylardagi salohiyatni yuzaga chiqarish, tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlab, xizmatlar hajmini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.