16 aprel kuni Samarqand viloyati faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi M.Samadovaning shaharda Mahmudxo‘ja Behbudiy ijod maktabi tashkil etish haqidagi taklifiga javoban, ayni paytda yurtimizda tashkil etilgan ulug‘ shoir va yozuvchilarimiz nomidagi ijod maktablarining barchasi ham kutilgan natija bermayotganini afsus bilan qayd etdi.
– Biz bu maktablarni tashkil etishda katta maqsadlarni ko‘zlagan edik, ammo bugun ularning aksariyati oddiy maktab bo‘lib qoldi. Shuning uchun endi bunday muassasalarni ochishda u yerda kimlar dars berishi, ta’lim sifati va samarasi qanday bo‘lishini puxta o‘ylab, aniq reja bilan ish qilamiz.
Toshkent shahrida Alisher Navoiy ilmiy markazi tashkil etmoqchimiz. Ushbu markaz qoshida ana shu mezon bo‘yicha ijod maktabi ochish niyatimiz bor. Samarqandda ham Behbudiy bobomiz shuhratiga mos, barcha talablarga javob beradigan maktab qilishimiz kerak va u oddiy maktabdan farq qilishi zarur.