Ma’lumki, dunyoda har bir xalqning o‘z tili, tarixi va madaniyati, milliy an’ana-yu qadriyatlari bor. Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodi namunalari hisoblangan o‘lan va laparlar, ertak va matallar elatlarning ma’naviy qiyofasi, o‘zligini namoyon etadi. Shular qatorida baxshichilik va dostonchilik ham o‘ziga xos o‘rini ega.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, “baxshi” so‘zi “ma’rifatchi”, “ziyo ulashuvchi” ma’nolarini anglatadi. Shu bois, baxshichilik, xalq dostonchiligi xalqimizning qadim madaniyatining ilk ko‘rinishlaridan biri sifatida ardoqlangan. Baxshilar esa terma, qo‘shiq va dostonlarni yoddan kuylovchi,  avloddan-avlodga yetkazuvchi shaxs sifatida hurmat qilinib kelingan. Ularning shirali ovozi, do‘mbirasidan taralayotgan kuy inson qalbini beixtiyor to‘lqinlantirgan, junbushga keltirgan. Do‘mbirasi tilga kirib, ovoz sozga, soz ovozga moyil bo‘lgan, qalblar ohanglar asiriga aylangan.

So‘nggi yillarida baxshi-shoirlar ijodini targ‘ib qilish borasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Baxshichilik san’atining tarixi hamda baxshilar ijodini mukammal o‘rganish borasida tadqiqotlar olib borilyapti. OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib etilmoqda. Ustoz baxshilar, soha olimlari, iqtidorli yosh baxshilar faoliyati moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yilning aprel oyida Termizda Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazilgan edi va tadbirni har ikki yilda bir marta o‘tkazishga qaror qilingandi.

Baxshichilik san’atini respublika va xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib qilish, Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazish, “ustoz-shogird” an’analari asosida qayta tiklash va rivojlantirish maqsadida kuni kecha Prezidentimizning “II Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2021 yilda Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish belgilandi.

Ushbu festivalini Nukus shahrida o‘tkazilishi bejiz emas. Baxshi-jirovchilik qoraqalpoq xalqining qadimiy milliy san’at turlaridan biri hisoblanadi. Xalq folkloriga xos dostonlar elga mashhur baxshi-jirovlar tomonidan ijro qilinib, ustoz-shogird an’anasi orqali bizgacha yetib kelgan.

Prezidentimizning ushbu qarori O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi g‘oya va maqsadiga hamohang ekanini ta’kidlash joiz. Chunki xalqimizning tarixiy, madaniy va ilmiy-intellektual merosini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, boyitish va ularni yanada ko‘paytirishga ko‘maklashish, xalqimizning boy tarixi va madaniyatini o‘rganish, yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarda tarixiy meros va xalq an’analariga chuqur mehr-hurmat, ehtirom uyg‘otish kabi ezgu amallar partiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi. Demak, partiya va partiyadan saylangan deputatlar mazkur qaror ijrosini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

 

Ruslan JUMAMURATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati