Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi videoselektor yig‘ilishida yana bir bor oliy o‘quv yurtlari rektorlari zimmasidagi mas’uliyat haqida to‘xtaldi.

Davlat rahbari oliy ta’lim muassasalari yon-atrofidagi mahalla yoshlari bilan ishlashda rektorlarning o‘rni umuman sezilmayotganini qattiq tanqid qildi.

– Rektorlarning bu borada bergan takliflari menga ma’qul emas. Birortasi o‘z hududida mahallagacha tushib, yoshlar tarbiyasi, uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tashabbus bildirmagan. Qaysi rektor yotoqxonaga borib yoki bo‘sh yotgan madaniyat markazlarida yoshlar bilan uchrashdi, ular bilan muloqotni yo‘lga qo‘ydi, motivatsiya berish, hayotda o‘z yo‘lini topish va madaniy tadbirlarni tashkil etdi? Afsuski, bu savolga ijobiy javob yo‘q! Rektor ilmiy xodim bo‘lsa borib laboratoriyada ishlasin, lekin rektorlik qilishi uchun u zamonaviy tadbirkor, tashkilotchi bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda yoshlar bilan ishlashni oʻz holiga tashlab qoʻygani uchun Fargʻona davlat universiteti (R.Maqsudov), Samarqand davlat arxitektura-qurilish (S.Ahmedov), Qoʻqon davlat pedagogika (M.Otajonov) institutlari rektorlari va Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali direktori (Olimov)ni lavozimidan ozod etish boʻyicha topshiriq berildi.

Boshqa rektorlar qat’iy ogohlantirildi.

Davlat rahbari endi bu borada mutlaqo yangi tizim yaratilishini ta’kidladi. Har bir oliy o‘quv yurti yon-atrofidagi kamida 5-10 tadan shahar mahallasi uchun “ma’naviyat markazi” va “madaniyat o‘chog‘i” bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Oliy o‘quv yurtlari atrofidagi mahallalardagi uyushmagan yoshlarni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb etish, ularning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishga ko‘maklashish topshirildi.

Shuningdek, o‘zlariga biriktirilgan mahalladagi “yoshlar daftari”dagi yoshlar uchun oliygohlarga kirish bo‘yicha bepul tayyorlov kurslarini tashkil etadi.

Bundan tashqari, uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash uchun, yuqori kurslarda o‘qiydigan 2 nafar namunali talaba 1 nafar uyushmagan yoshning ijtimoiy faolligini oshirishga yordamlashadi.

Ushbu tizim orqali 135 ta oliygoh kamida o‘rtacha ming nafardan yoshlarni qamrab olganda ham, kamida 100 ming nafar yoshlarga hayotda o‘z o‘rnini topishida ko‘mak bo‘ladi.

– Shu tizim yo‘lga qo‘yilsa, shaharlarda vaziyat albatta o‘zgaradi, adashgan yoshlar soni keskin kamayadi, – dedi davlat rahbari.

O‘zA