Poytaxtimizda Prezidentimiz raisligida joriy yilda uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Mamlakatimizda o‘tgan to‘rt yilda davlat dasturlari asosida 140 ming yoki yiliga o‘rtacha 35 mingdan uy-joylar barpo etilgan. Bu oldinlari yiliga qurilgan o‘rtacha uy-joydan 4-5 baravar ko‘p, degani.

Yig‘ilishda bu yetarli emas ekanligi ta’kidlandi

– Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimiz aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun yiliga kamida 100-150 mingta uy-joy qurish kerak, – dedi Prezident.

– Buni tegishli mutaxassislar hisoblab chiqqan. Endi asosiy e’tiborni loyiha va qurilish sifatini oshirish, sohani mablag‘ bilan ta’minlash va halol-pok ishlatish, malakali mutaxassislar tayyorlash kabi ko‘plab muammolarni bartaraf etish lozim.

Davlatimiz rahbari shu sababli, aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid yangi Farmon tayyorlanganini ta’kidladi.Ushbu Farmonda, eng muhimi aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlash va bu borada ularning tanlash imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilda 54 ming oilalarni uy-joy bilan ta’minlash belgilangan.

Jumladan, davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p uy-joylar quriladi.

Shundan: “Qishloq qurilish invest” va “Shahar qurilish invest” tomonidan 12 mingta; yangi tartib bo‘yicha Moliya vazirligi tijorat banklariga joylashtiradigan resurslar hisobiga 26,5 mingta kvartira; har bir viloyatda yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 500 tadan, jami 6,5 mingta oilaga kredit ajratiladi.

Shuningdek, xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilishi boshlangan 8 mingta kvartira joriy yilda foydalanishga topshiriladi.

Bundan tashqari, og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan 1 mingta oila, ayniqsa ayollarga “ijtimoiy uy-joylar” ijara asosida ajratiladi.

Jami 54 ming uy-joydan: Qoraqalpog‘istonda – 2 290 ta, Andijonda – 4 665 ta, Buxoroda – 3 220 ta, Jizzaxda – 1 670 ta, Qashqadaryoda – 3 710 ta, Navoiyda – 1 836 ta, Namanganda – 4 025 ta, Samarqandda – 4 479 ta, Surxondaryoda – 3 989 ta, Sirdaryoda – 1 414 ta, Toshkent viloyatida – 4 046 ta, Farg‘onada – 4 530 ta, Xorazmda – 3 016 ta va Toshkent shahrida – 7 556 ta uy-joy topshiriladi.