Dunyoning eng ko‘p yadro qurollariga ega mamlakatlari hisoblangan AQSH va Rossiyaning mazkur shartnoma bo‘yicha kelishuvi xalqaro maydonda ijobiy baholanmoqda. Chunki SHQ-3 shartnomasini uzaytirish Rossiya – AQSH munosabatlarining istiqboli uchun ijobiy signal bo‘ldi, deb qaralmoqda.
Rossiyalik ekspertlar ushbu muvaffaqiyat AQSH va Rossiya munosabatlarida tub burilish yasaydi, deb umid qilishga hali erta ekani ta’kidlayotganiga qaramay, ikki davlat rahbarlarining muloqoti o‘rtadagi qarama-qarshiliklarni yumshatishda dastlabki qadamlardan, deyish mumkin.
Masalan, Rossiya Davlat dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Sergey Jeleznyak SHQ-3 shartnomasining uzaytirilishi qurollanish poygasini jilovlab turishga hamda boshqa davlatlarning harbiy byudjetini oshirishga bo‘lgan xohishini to‘xtatib turishga chorlaydi, deydi.
Rossiya bilan AQSH o‘rtasida imzolangan SHQ-3 shartnomasi 2011 yil 5 fevralda kuchga kirgan. Shartnoma muddatini cho‘zish bo‘yicha bitimni imzolash 5 fevraldan kechga qolmaslik kerak.
Mazkur hujjatga ko‘ra, tomonlar yadro qurollarini shunday ko‘rinishda qisqartirish kerakki, toki yetti yil o‘tgandan keyin qit’alararo ballistik raketalar, suvosti kemalaridagi hamda og‘ir bombardimonchi samolyotlardagi ballistik raketalar soni 700 tadan oshmasligi lozim.
Shuningdek, yadro kallaklari 1550 ta, jangovar holatga keltirilgan va keltirilmagan otish qurilmalari 800 tadan ko‘p bo‘lmasligi kerak. bugungi kunda SHQ-3 Moskva bilan Vashington o‘rtasidagi qurollarni cheklash bo‘yicha amalda bo‘lgan yagona shartnoma hisoblanadi. Ammo uning muddati shu yil 5 fevralda tugaydi. Agar shartnoma uzaytirilmasa, dunyoda yadro qurollarini ko‘paytirishini to‘xtatib turadigan boshqa hujjat qolmaydi.
Darvoqe, mazkur hujjat taqdiri nega bunchalik tig‘iz vaqt bilan hal etilmoqda? Avval bunga vaqt bo‘lmaganmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Gap shundaki, AQSHning avvalgi ma’muriyati ko‘plab xalqaro hujjatlarni qaytadan taftish qilishga kirishib ketgandi. Natijada AQSH ko‘pgina xalqaro kelishuvlar, jumladan, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimidan chiqib ketdi, pandemiya davrida barcha aybni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ag‘darib, ushbu tashkilotga a’zolik badalini to‘lamay qo‘ydi, qolaversa, Oq uy SHQ-3 shartnomasini ham uzaytirishdan bosh tortdi. Donald Tramp ma’muriyatining ushbu qarorini qanchalik darajada asosli qilib ko‘rsatishga uringani ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
O‘shanda Donald Tramp shartnomaning hozirgi ko‘rinishi Vashington manfaatlariga mos emasligini ro‘kach qilgandi. Oq uy yangi shartnomani ishlab chiqishda unga Xitoyni ham jalb qilishni yoki shartnomani qo‘shimcha shartlar bilan cho‘zishni talab qildi. Moskva esa mavjud yadro qurollarini muzlatib, shartnomani hech qanday shartlarsiz uzaytirishni taklif qildi. Lekin Tramp bu taklifni ham rad etdi.
Ayrim manbalarda Xitoyning ushbu shartnomaga nima uchun qo‘shilmasligi sabablari ham keltirildi. Bunda Pekin o‘zidagi yadro qurollari soni shundoq ham Rossiya va AQSHnikiga qaraganda oz ekani aytiladi. Biroq Bayden bilan Putinning telefon muloqoti Xitoyni beetibor qoldirmadi.
Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan brifing o‘tkazib, Rossiya bilan AQSH o‘rtasida SHQ-3 shartnomasi muddatini uzaytirish bo‘yicha kelishib olinganini ijobiy baholadi. Uning ta’kidlashicha, mazkur hujjat dunyoda global miqyosdagi strategik barqarorlikni ta’minlashga imkon beradi.
Endi AQSHning yangi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati shartnoma muddatini cho‘zishga tayyor ekanini namoyish qilmoqda.
“SHQ-3 ni uzaytirish AQSH va Rossiyaning qurolsizlanish sohasidagi diplomatiyasi ishlay boshlayotganini anglatishi lozim”, deydi qurollarni nazorat qilish bo‘yicha uyushmaning ijrochi direktori Deril Kimbell.
Uning fikricha, mazkur hujjat muddatining uzaytirilishi haddan ortiq ko‘p, qimmat va ajal keltiruvchi qurollarni qisqartirishda ikki mamlakat uchun ham foydali. Uning qo‘shimcha qilishicha, SHQ-3 shartnomasi muddatining yana besh yilga uzaytirilishi yadroviy xavfni pasaytirish yo‘lidagi muhim qadamlarni boshlash uchun asosiy omil bo‘ladi.
Kimbell tarqatgan bayonotda aytilishicha, assotsiatsiya AQSH va Rossiya prezidentlarini kelgusi 200 kun davomida strategik barqarorlik bo‘yicha hamda yadro qurollarini o‘zaro kelishgan halda qisqartirish yo‘nalishida muzokaralarni davom ettirishga chaqiradi. Shuningdek, bayonotda boshqa yadro quroliga ega davlatlar bilan ham qurolsizlanish bo‘yicha o‘zaro harakat qilishga yo‘l topish maqsadga muvofiqligi ta’kidlanadi.
Umuman, ikki yetakchi davlat rahbarining telefon muloqoti qurolsizlanish bo‘yicha jiddiy qadam bo‘lishi mumkin. Zero, keyingi qadamlar, ya’ni Bayden bilan Putinning navbatdagi muzokaralari strategik bo‘lmagan qurollarni ham qisqartirish masalasiga taalluqli bo‘lsa ajab emas.
Insoniyat shundoq ham pandemiya tufayli juda katta inqirozni boshdan kechirmoqda. Hali uning oqibatlarini tugatish uchun qancha vaqt, kuch, mablag‘ zarur bo‘ladi. Shunday sharoitda qurollanish poygasini avj oldirish hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Shu bois SHQ-3 shartnomasi nafaqat Rossiya va AQSH, balki butun dunyoda tinchlik va barqarorlikka daxldor hujjat, deb qaralmoqda.
Saidmurod Rahimov, O‘zA