Saudiya Arabistoni delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida podshohlik investitsiyalar vaziri Xolid al-Folih va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda davlat rahbarlari tashabbusi bilan sifat darajasidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu bilan birga, kornavirus pandemiyasi tufayli jahon iqtisodiyotida yuz bergan murakkab vaziyat ushbu aloqalarni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda. Zero, aynan moliyaviy-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirish davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro ishonchli sheriklikni yanada mustahkamlashga asos, zamin bo‘lib xizmat qiladi.

M.Nurmuratov saudiyalik martabali mehmonga mamlakatimiz bank tizimida olib borilayotgan islohotlar, sohaning mamlakat iqtisodiyotida tutgan o‘rni, aholiga bank xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yaratilayotgan shart-sharoitlar, imtiyozlar xususida batafsil so‘zlab berdi. Dunyoning iqtisodiyoti taraqqiy etgan sanoqli davlatlari qatorida e’tirof etiladigan Saudiya Arabistoni bilan moliyaviy sohada izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistoning rivojlangan mamlakatlar safidan o‘rin olish yo‘lidagi sa’y-harakatiga to‘liq mos kelishi ta’kidlandi.

Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Folih, o‘z navbatida, O‘zbekiston tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan har tomonlama ochiq siyosatni to‘liq ma’qullashini bildirdi. Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarda, o‘zaro tashriflarda yuz bergan uzilishdan so‘ng Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan 70 ga yaqin mutaxassis – vazirlik, idoralar, yirik kompaniyalar, biznes sub’ektlari rahbarlaridan iborat katta delegatsiya bilan ilk safar aynan O‘zbekistonga uyushtirilishi bejiz emasligini alohida ta’kidladi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro ishonchga asoslangan sheriklik munosabatlarining yuqori darajasi, saviyasidan darak beradi.

– Mamlakatingiz bugungi kunda har tomonlama oqilona siyosat yuritmoqda, – dedi Xolid al-Folih. – Bu ayniqsa, pandemiya davrida yaqqol namoyon bo‘ldi. Jahonning iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan ko‘plab davlatlari o‘ta murakaab holatga tushib qolgan bir paytda O‘zbekiston moliyaviy barqarorlikni saqlab qola oldi. Hatto, ta’bir joiz bo‘lsa, muayyan o‘sish darajasiga ham erishdi. Aynan mana shu jihat mamlakatlarimiz munosabatlari rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Saudiya Arabistoni moliya, bank tizimi bo‘yicha 80 yillik ulkan tajribaga ega. Shu ma’noda ikki davlat yirik xalqaro moliyaviy tuzilmalar doirasida, Markaziy banklar o‘rtasida hamda boshqa turli yo‘nalishlarda izchil hamkorlik o‘rnatishi o‘zaro manfaatli ekani aniq.

Muloqot chog‘ida Markaziy bank rahbari va Saudiya vaziri muayyan yo‘nalishlarda keng qamrovli muntazam aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Mazkur hamkorlik xorijiy banklarga litsenziya berish, chet el investitsiyasi uchun zarur shart-sharoit yaratish, turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish, banklar faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish, tizimni xususiylashtirish ko‘lamini kengaytirish, sohada Islom moliyasi tizimini joriy qilish va bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biriga aylangan banklarda raqamli texnologiyalardan unumli foydalanish va aholiga, mijozlarga elektron xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirish kabi muhim jihatlarni o‘z ichiga oladi.

Suhbat yakunida har ikki tomon o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

 

G‘ayrat XONNAZAROV,

O‘zA