II Xalqaro baxshichilik festivali joriy yil aprel oyining uchinchi o‘n kunligida Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

II Xalqaro baxshichilik festivalining ochilish marosimi Nukus shahrida boshlanib, yakuniy qismi Mo‘ynoqda bo‘lib o‘tadi.

Bu haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri Qalbay Turdiyev O‘zA muxbiriga ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, baxshichilik festivali o‘tayotgan bir vaqtda Amudaryo tumani hududida joylashgan Chilpiq qal’asi atrofida Bolalar folklor hamda Taxtako‘pir tumanida «Qarateren irg‘aqlari» nomli yoshlar festivali ham o‘tkaziladi.

Baxshichilik festivalining o‘tkazilishiga doir masalalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Jamol Nosirov va boshqa mutasaddilar Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, tadbir o‘tkaziladigan joylarni o‘rgangan.

Hozirgi rejaga ko‘ra, Nukus shahridagi Otchopar maydonida barcha viloyatlarning pavilonlari tashkil etiladi. Hududlarning milliy urf-an’analari, baxshichilik san’ati shu yerda qad rostlagan sahnalarda namoyish etiladi.

Mo‘ynoqda yakuniy qismga bag‘ishlangan galakonsert o‘tkazilishi hamda tuman markazida o‘tovlar qurilib, olov atrofida baxshi-jirovlar ijrosida konsertlar uyushtirilishi mo‘ljallangan. Xorijdan kelgan sayyohlar va mehmonlar Mo‘ynoqda bir kun qolib tumanning sayyohlik maskanlariga tashrif buyurishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, I Xalqaro baxshichilik festivali 2019 yil 4-10 aprel kunlari YUNESKO shafeligi ostida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida o‘tkazilgan edi. Unga 20 ta davlatdan 57 nafar ijrochi, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Afg‘oniston, Turkiya, Tojikiston va Quvayt hamda boshqa davlatlardan faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Ye.Qanoatov, O‘zA