AQSHning 46 chi prezidenti bo‘lgan Jo Bayden chorshanba kunining o‘zida bir qator farmonlarga imzo chekdi. Ushbu hujjatlar avvalgi prezident Tramp ko‘rsatmalarini bekor qilishga qaratilgan.

Jumladan, davlat rahbari AQSHni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga qaytarish haqidagi farmonni imzoladi.

Tramp o‘tgan yil iyul oyida Qo‘shma Shtatlarni JSST tarkibidan chiqarish jarayonini boshlagan edi. O‘shanda Tramp tashkilotni Xitoy manfaatlarini ko‘zlab epidemiyaning haqiqiy miqyosini yashirganlikda hamda islohotlar o‘tkazishdan bosh tortganlikda aybladi.

Bayden AQSHni iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimiga ham qaytardi. Tramp ushbu bitimdan chiqishga qaror qilgan edi.

Yangi prezident Meksika chegarasida devor qurilishini to‘xtatib, chegarada amal qilinayotgan favqulodda vaziyat rejimini ham bekor qildi. Endi Oq uy ushbu qurilishga sarf qilinayotgan byudjet mablag‘larini turli muassasalarga yo‘naltira oladi.

Tramp ma’muriyati bundan avval imigrantlarning mamlakatga kelish tartibini cheklab qo‘ygan edi. Qolaversa, sobiq prezident imigrantlarning noqonuniy ravishda mamlakat hududiga kirishining oldini olish uchun Meksika bilan tutash chegaralarning katta qismida devor qurilishini boshlab yubordi. O‘shanda Tramp uzunligi 720 kilometrdan 800 kilometrgacha devor qurishga va’da berdi. 2021 yilning beshinchi yanvarigacha 727 kilometrlik devor qurib bitkazilgan.

Bayden bundan avval devor qurilishi masalasiga to‘xtalar ekan, qurib bo‘lingan devorni buzmasligini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, Bayden bir qator Yaqin Sharq mamlakatlari fuqarolarining AQSHga kirib kelishini cheklash haqidagi Tramp qarorini bekor qildi.

Tramp 2017 yilda Eron, Liviya, Suriya, Yaman, Somali, Sudan va Iroq fuqarolarini AQSH hududiga kirishini taqiqlab qo‘ygan edi.

Davlat rahbari imzolagan farmonlarning yana biri Kanada chegarasida qurilayotgan Keystone XL neftquvuriga tegishli bo‘ldi. Ushbu neftquvuri qurilishini Tramp ma’muriyati qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi.