Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalariga Murojaatida mamlakatimizning investitsiya jozibadorligini oshirish, xorijiy sarmoyalar va chet ellik sayyohlarni keng jalb etish O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalarining asosiy vazifalaridan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Barcha elchilar eshitsin, Yangi yildan boshlab ish uslubi o‘zgaradi. Agar har haftada investitsiya bo‘yicha aniq takliflarni bermasa, O‘zbekistonga hech bo‘lmaganda 10 nafar turist jo‘natmasa bunday elchi bizga kerak emas. Sayyohlik ham investitsiya. Tashqi ishlar vaziri haftada ikki marta elchilar bilan gaplashib, nechta sayyoh keladi, qanday investitsiya kiritiladi, elchi qaysi zavodlarga bordi, qaysi mahsulotlar arzon, qanday texnologiya olib kelsa bo‘ladi, mana shularni muhokama qilishi kerak, dedi Prezidentimiz.

Videokonferensiya aloqa shaklida o‘tgan majlisda mamlakatimizning butun dunyodagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ham qatnashdi.

Mamlakatimizning Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchilari aloqaga chiqib, Prezidentimizning tashriflaridan so‘ng ushbu mamlakatlar bilan hamkorlik yanada faollashganini, qo‘yilayotgan vazifalar asosida elchixonalar faoliyati yangicha mezonlar asosida tashkil etilayotganini qayd etdi.

 

O‘zA