Poytaxtimizda Prezidentimiz raisligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Milliy g‘oya targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida, “Ijod” jamoat fondi negizida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil etilishi aytildi.
Jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanadi.
Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi respublika miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltiriladi.
Yig‘ilishda bugun “Tafakkur”, “Ma’naviy hayot”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” kabi jurnallarimiz obunachilar kamligi tufayli juda kam tirajda nashr etilayotgani taassuf bilan qayd etildi.
Agar har bir maktab, kollej, texnikum, oliy o‘quv yurti kutubxonasiga bittadan jurnal bepul yetib borsa ham, ularning tiraji kamida 10 mingdan ortiq bo‘ladi.
–Buning uchun zarur mablag‘ni topish shuncha qiyinmi? Bu jurnallarni o‘qimagan yoshlarimizni qanday qilib ma’naviy yetuk inson sifatida tarbiyalaymiz, dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda tegishli vazirlik mas’ullariga yuqorida qayd etilgan nashrlar har bir o‘quv dargohiga yetib borishini ta’minlash choralarini ko‘rish vazifalari topshirildi.
Targ‘ibotning ilmiy asoslangan zamonaviy texnologiyalari, yangi shakllarini, tahdidlarga qarshi samarali kurash usullarini ishlab chiqish vaqti kelgani alohida ta’kidlandi.
– Takror aytaman – ilmga asoslanmagan sohaning kelajagi bo‘lmaydi. Biroq shu paytgacha ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishi ilmiy ixtisoslik sifatida fanlar klassifikatoriga kiritilmagan. Sohadagi kamchiliklarning asosiy sabablaridan biri ham shunda, – dedi Prezident.
2021 yildan boshlab, ma’naviyat va ma’rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish vazifasi belgilandi.
O‘zA