Prezident raisligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
– Hammangiz yaxshi tushunasiz, agar jamiyat hayotining т́анаси iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. – Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatdir, – dedi davlatimiz rahbari. – Qanday qiyinchilik va sinovlarga duch kelmaylik, boshlagan barcha islohotlarimizni, qabul qilgan dasturlarimizni izchil davom ettirayapmiz.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida, O‘zbekiston yoshlarining birinchi forumi hamda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviy sohalar rivoji uchun g‘oyat muhim vazifalar ham belgilab olindi.
Yangi hayot, yangi jamiyat qurishga qaratilgan islohotlar jarayonida ma’naviy-mafkuraviy ishlarimizning nazariy asosi bo‘lgan milliy g‘oyani rivojlantirish masalasi g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Jahon tarixiga nazar solsak, har bir xalqning yuksalishi avvalo uning ma’naviy birlashuvi, milliy g‘oyasi bilan murakkab sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib kelgan.
Shu bois, taniqli olimlar, ziyolilar, yetakchi ekspertlar tomonidan yangi Milliy g‘oya konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Unda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh g‘oya asosida amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar belgilandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda milliy g‘oya mazmun-mohiyatini keng xalq ommasiga tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot dasturini ishlab chiqib, uni amalga oshirish vazifasi topshirildi.
– Afsuski, hali oramizda milliy g‘oyaning, ma’naviyatning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, “ma’naviyat kerakmi-yo‘qmi”, deb yurganlar ham bor. Milliy g‘oya deganda, eski sovet mafkurasini tasavvur qilib, “labiga uchuq toshadiganlar” ham yo‘q emas.Lekin agar mafkura odamiy bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini, uning qadr-qimmatini ulug‘lashga xizmat qilsa, nima uchun undan qo‘rqishimiz kerak? Shu munosabat bilan ta’kidlab aytmoqchiman. Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi, – dedi Prezident.