Bulung‘ur tumanidagi 13-maktabgacha ta’lim tashkilotida ayol kishi tomonidan tarbiyalanuvchiga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lingani aks etgan videolavha Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi va tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilishi haqida xabar bergan edik.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va Bulung‘ur tumani hokimligi axborot xizmatlarining ma’lum qilishicha, 18 yanvar mazkur holat tuman hokimligi va viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan joyida o‘rganildi.
O‘rganish davomida tashkilot mudirasi R.Ahrorova 2-tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchisi M.Sh.ga ruhiy bosim o‘tkazib, qo‘llari va yuziga urganligi aniqlandi. Ushbu video bog‘cha psixologi tomonidan tasvirga olinib, tarbiyalanuvchilarning ota-onalariga tarqatilgan. Voqea sodir bo‘lgan kuni guruh tarbiyachisi D.Mahkamova soat 12:20 da ishga kelganligi va bu holatga guvoh bo‘lmaganini o‘z tushuntirish xatida ma’lum qildi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida tashkilot direktori R.Ahrorovaning yuragi xuruj qilganligi bois “Do‘stlik” tez tibbiy yordam brigadasining kunduzgi guruh vrachi va hamshirasi chaqirildi.
R.Axrorova tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan shifoxonaga olib ketilgan. Ta’lim tashkiloti mudirasi vazifasini vaqtincha bajarish oliy ma’lumotli tarbiyachi D.Mardiyevaga yuklatildi.
Samarqand viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan R.Axrorovaga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda “Mehnat shartnomasi”ni bekor qilish choralari ko‘rilishi belgilab olindi.
Ayni vaqtda, mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA