Bugun Tojikistonning «Xovar» axborot agentligi ushbu sarlavha ostida xabar e’lon qildi. Muallif Toshkentda tashkil etiladigan Prezident universiteti 8000 talabaga mo‘ljallanishiga e’tibor qaratgan.
Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida
“Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi Yunusobod tumani vakillari bilan uchrashuvda aytgan”, deydi muallif.
Maqolada davlatimiz rahbarining «Prezident universitetini quramiz. Biz O‘zbekistonda ilk bor Oksford ta’limini joriy qilamiz. Britaniya ta’lim tizimi dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Biz yangi prezident maktablarini qurdik, endi 8000 ming talaba o‘qiydigan yangi prezident universitetini ochamiz. Barcha o‘qituvchilar xorijdan keladi», – degan so‘zlari keltirilgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev xorijda ta’lim olayotgan yoshlarimizning yarmi vatanga qaytmayotganini afsus bilan ta’kidlagani qayd etiladi: “Ularga o‘sha yoqda yaratilgan sharoitlar, yuqori maosh yoqadi. Endi esa shunday sharoitlarni shu yerda yaratishni xohlaymiz va yoshlarni shu yerda o‘qitamiz. Farzandlarimiz ketmasin”.
Shundan so‘ng Toshkentda prezident universitetini ochish haqida Shavkat Mirziyoyev ilk bor 2019 yil 1 mart kuni ma’lum qilgani eslatilgan.
“Xovar” axborot agentligining ushbu maqolasida Dushanbe shahrida 2018 yili Britaniyaning Kembrij akademiyasi (Cambridge Worldwide Academy) o‘quv muassasasi ish boshlagani, Tojikistondagi bu ilk Britaniya maktabi bitiruvchilari o‘rta ma’lumot bo‘yicha bir yo‘la ikki mamlakat hujjatini olishi ta’kidlangan.
O‘zA