Hukumatimiz Rossiya bilan munosabatlarni oydinlashtirish, jumladan, hududiy muammolarni tezroq hal qilishga harakat qiladi, dedi Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga parlamentning ochiq sessiyasidagi dasturiy ma’ruzasida.
Ma’lumki, kun chiqar yurt o‘zining “shimoliy hududi” deb hisoblaydigan Janubiy Kuril orollariga da’vo qilib kelmoqda.
“Shimoliy hudud muammosini kelgusi avlodga qoldirmay, ushbu masalaga bugun nuqta qo‘yishi lozim”, — dedi bosh vazir.
Mulozimning ta’kidlashicha, Tokio Yaponiya – Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga soladi. Suga Yaponiya diplomatiyasining asosi AQSH bilan ittifoqchilik munosabati ekaniga ham urg‘u berarkan, yangi prezident Jo Bayden bilan tezroq uchrashish istagidaligini yashirmadi.
Rossiya va Yaponiya munosabatlariga ko‘p yillardan buyon o‘zaro tinchlik bitimi imzolanmagani soya tashlab keladi. Janubiy Kuril (Kunashir, Shikotan, Iturup va Xabomai) orollari masalasi aloqalar rivojlanishiga asosiy to‘siq bo‘lmoqda. Tokio 1855 yilda imzolangan savdo va chegaralar haqida ikki tomonlama shartnomaga tayanib, ushbu hududlarga da’vo qilib kelmoqda.
Moskva esa orollar Ikkinchi jahon urushi yakuni bo‘yicha sobiq ittifoq tarkibiga kiritilgani va mazkur hududlar ustidan Rossiya suvereniteti o‘rnatilganini ta’kidlab keladi.