Ma’lumki, 11 yanvardan barcha umumta’lim muassasalari o‘z faoliyatini boshladi. Isitish tizimi qish mavsumida maktablardagi eng muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Xalq ta’limi vazirligi tizimdagi muassasasalarning isitish tizimi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan umumta’lim maktablardagi isitish tizimining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashiga, ulardagi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarining muntazam shay holatda saqlanishiga, shu yo‘nalishda ish olib boriladigan qurilish-ta’mirlash ishlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari shaxsan mas’ul etib belgilangan.
Hozirda Respublika bo‘yicha jami 10 008 ta umumta’lim maktabi va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu umumtalim maktablarining – 3 310 tasi tabiiy gaz, 23 tasi suyuq yoqilg‘i, 6 671 tasi ko‘mir (briket), 4 tasi elektr toki orqali isitib kelinadi.
Shundan 1 036 ta maktab markazlashgan issiqlik tarmog‘i, 8 810 tasi lokal isitish tarmog‘i, 162 tasi qo‘lbola (burjuy) pechlar orqali isitiladi.
Respublika bo‘yicha jami 1196 ta maktab filiallari mavjud. Ularning 118 tasi tabiiy gaz, bittasi suyuq pech yoqilg‘isi, 1 062 tasi ko‘mir (briket) yoqilg‘isi, 15 tasi elektr toki manbalaridan foydalanib keladi.
Hozirgi kunda 162 ta maktab va 156 ta maktab filiali qo‘lbola pechlari orqali isitilishi asosiy muammolardan biri. Sababi, ulardagi o‘quvchilarning is gazidan zaharlanishi ehtimoli yuqori. Chunki, ushbu qo‘lbola pechlari sinf xonalarining ichki qismiga o‘quvchilarga yaqin qilib o‘rnatilgan.
Mazkur masalaning yechimi sifatida mahalliy hokimliklardan ushbu maktablarning isitilishi yuzasidan kunlik nazorat o‘rnatilishi, tegishli mas’ul tashkilotlarni is gazini oldini olish bo‘yicha joylarda tushuntirishlar olib borilishini talab etadi.
Xalq ta’limi muassasalariga joriy yil kuz-qish mavsumi uchun 235,5 ming tonna ko‘mir-briket mahsulotlarini jamg‘arilishi belgilangan edi, bugungi kunga qadar jami 100 foiz ko‘mir va briket yoqilg‘i mahsulotlari umumta’lim muassasalariga to‘liq yetkazib berilgan.
O‘z o‘rnida Xalq ta’lim vazirligi tomonidan maktablardagi isitish tizimini nazorat qilib borish maqsadida @maktab_uzedubot boti ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ota-onalar shaxsini ko‘rsatmagan holda farzandi tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritadigan maktabining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati haqida ma’lumot berish imkoniyati yaratilgan.
bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga qishki mavsumda barcha maktablarning issiqlik tizimini barqaror ishlashi bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan, shuning uchun agarda joylarda muammolar bo‘lsa hududiy shtablar orqali operativ ravishda choralar ko‘rib borilmoqda.