O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan davlatimiz ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari Tashqi ishlar vazirligida tashkil etilgan tadbirda muhokama qilindi.
Anjumanda vazirlik va tizim tarkibiga kiruvchi bo‘linmalar rahbariyati, xodimlari, videokonferensaloqa orqali xorijiy davlatlardagi o‘zbek diplomatlari, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ochdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, falsafa fanlari doktori Ismoil Saifnazarov Prezidentimiz Murojaatnomasida joriy yil ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish bo‘yicha belgilangan asosiy yo‘nalish va vazifalar haqida so‘zlab berdi.
bugungi kunda TIV va O‘zbekistonning xorijiy vakolatxonalari faoliyatiga yangicha yondashilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Buning natijasida endilikda turli sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilishda elchixonalarimiz xodimlari, diplomatlarimiz faol ishtirok etmoqda. Qolaversa, respublikamiz va hududlarimiz eksport salohiyati xalqaro ko‘lamda keng targ‘ib qilinmoqda, mahalliy boshqaruv organlari vakillari, tadbirkorlar, eksportchilar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilyapti.
Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari tomonidan milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari va Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor yaratish bo‘yicha qo‘yilgan dolzarb vazifalarni bajarish jarayonida respublikamizning barcha vazirlik, idoralari, tashkilotlari chet eldagi vatandoshlarimiz va xalqaro sheriklar ishtirokida birgalikda sa’y-harakat qilishi zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.
Murojaatnomada jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarini isloh qilish va modernizatsiyalashga doir keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratadigan samarali tashqi siyosat yuritish masalasi muhim o‘rin egallagani ta’kidlandi. Respublikamiz tashqi siyosiy strategiyasini takomillashtirish va ushbu sohadagi faoliyatning yangilangan konsepsiyasini qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashishi barqaror ichki rivojlanish uchun qulay tashqi muhit shakllantirishni tezlashtirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz manfaatini samarali ilgari surish va jahon bozorida milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini izchil ravishda oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Anjuman ishtirokchilari munozara chog‘i O‘zbekistonning ochiq, tashabbuskor va konstruktiv tashqi siyosati izchilligini ta’minlash vazirlik faoliyatida birlamchi ekanini ta’kidlashdi. Tashqi siyosatning barcha jabhalari bo‘yicha Murojaatnomada belgilangan vazifalar va topshiriqlarni bajarish mexanizmi TIV va O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalari 2021 yilgi ish rejasiga kiritilgan. Ayni jarayon respublikaning tegishli vazirlik, idoralari hamda xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Tashqi ishlar vazirligi sayti