Mansabdor shaxslar bilan bog‘liq jinoyatlar mundarijasida ilgari poraxo‘rlik ko‘proq kuzatilgan bo‘lsa, endi korxona yoki tashkilotga tegishli mulkni o‘zlashtirish “moda” tusini olgan.
Buxoroda fosh etilgan bir holatda 263,4 million so‘mlik davlat mulki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Buxoro shahar madaniyat bo‘limi sobiq rahbari V.N. va boshqalar madaniyat bo‘limiga tegishli 24 dona 89,8 million so‘mlik rangli “LED” ekranlarini belgilangan talablarga zid ravishda hisobdan chiqargani hamda viloyat madaniyat boshqarmasidan qabul qilib olingan 173,6 million so‘mlik “LED” ekranlarini Buxoro shahar madaniyat bo‘limiga topshirmasdan, shuncha davlat mulkini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan V.N. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
2020 yil davomida respublika bo‘yicha jami 1 ming 148 jinoyat ishi bo‘yicha 1 ming 723 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, ularning 835 nafari mulkni o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Raqamlar mansabdor shaxslarning o‘zlashtirishga “urg‘u” berayotganini ko‘rsatib turibdi.
Jinoyatlarning 227 nafari firibgarlik, 132 nafari pora olish (berish) va pora olish-berishda vositachilik qilish, 58 nafari mansab mavqeini suiiste’mol qilish, 31 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 25 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, 16 nafari mansab soxtakorligi va 399 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 9 nafari respublika, 45 nafari viloyat va 1 ming 669 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.
Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 500,1 milliard so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, tergov jarayonida ushbu zararning 355,7 milliard so‘mi undirilgan.
O‘zlashtirishlar buyumlar bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarda ularni aniqlab, undirilayotgani yaxshi, albatta. Biroq, bu holat inson hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq sohalarni chetlab o‘tmayotgani achinarli. Qurilishdagi o‘zlashtirishlar oqibatida qulayotgan binolar, o‘pirilib tushayotgan to‘g‘onlar bunga yaqqol misoldir.
Mas’ul lavozimga tayinlanayotgan shaxslarga shu sohani rivojlantirish mas’uliyati yuklanadi. Lekin ularning ko‘pchiligi mansabga o‘tirishi bilan o‘z shaxsiy manfaatlarini o‘ylay boshlashi bugun oddiy holga aylanib qolgani taassufli.
Yuqorida qayd etilganidek, shuncha rahbarning javobgarlikka tortilgani esa “halollik vaksinasi” qog‘ozlarda qolib ketayotganini anglatadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA