Savol: TATU Samarqand filialining kasb ta’limi fakultetini bitirganman. Maktabda informatika fanidan dars bersam bo‘ladimi?
Javob: Yo‘q, bo‘lmaydi.
Sababi, diplomingiz pedagogik sohaga tegishli emas. Shunga ko‘ra, bu diplomingiz bilan qayta tayyorlashdan o‘tmasdan turib maktabda informatika fanidan dars bera olmaysiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi PQ-4851-son qarori 14-bandida oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi doirasida psixologiya-pedagogika fanlarini o‘rgangan informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishi bitiruvchilariga ixtisoslashtirilgan maktablar va umumta’lim maktablarida informatika va axborot texnologiyalari fanlarini o‘qitishga ruxsat berilsin, deyilgan. Sizning yo‘nalishingiz esa kompyuter injiniringi.
Siz O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2019 yil 7 dekabrdagi 393-sonli buyrug‘iga asosan maktabga pedagog xodimlarni ishga qabul qilishda bir qator mezonlarga rioya qilishingiz so‘raladi.
Jumladan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi lavozimiga – boshlang‘ich ta’lim ixtisosligi bo‘yicha kamida o‘rta maxsus pedagogik ma’lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va boshlang‘ich ta’lim ixtisosligi bo‘yicha dars berish huquqi bilan kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatgan mutaxassislar qabul qilinadi.
Fan o‘qituvchisi lavozimiga – fan yo‘nalishiga to‘g‘ri keluvchi kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va fan yo‘nalishiga to‘g‘ri keluvchi pedagogik faoliyat yuritish huquqi bilan qayta tayyorlov kursini tugatgan mutaxassislar dars berishi mumkin.
Sizdagi mutaxassislik bunga yo‘l qo‘ymaydi. Umumta’lim maktablarida informatika fanidan ta’lim yo‘nalishi informatika o‘qitish metodikasi va yo‘nalish kodi 5110700 yo‘nalishini tamomlagan pedagoglar dars berishga haqli. Sizning yo‘nalishingiz esa Axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida kasb ta’limi va yo‘nalish kodi 5350400 hisoblanadi. (Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgustdagi 343-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Oliy ta’limning davlat ta’lim standarti” qoidalariga asosan).