Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan kengaytirilgan uchrashuvda diplomatlar faoliyatining 2020 yil yakunlari tahlil qilindi, 2021 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi tizimini o‘z ichiga olgan Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariyati ishtirok etdi.
Har bir diplomat ishiga investitsiya va tashqi savdo sohalarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan natijalarga urg‘u bergan holda baho berildi.
Hamkor mamlakatlar bilan munosabatlarning o‘rta va uzoq muddatli strategiyalarini ishlab chiqishda iqtisodiy komponentning ustuvorligi qayd etildi. Shu munosabat bilan diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va mahalliy eksport qiluvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar berildi.
Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan keng ko‘lamli tadbirlarga tayyorgarlikning borishi alohida tartibda ko‘rib chiqildi – ularni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga belgilangan vazifalarni yuqori sifatli va o‘z vaqtida bajarish maqsadida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni faollashtirishga qaratilgan ko‘rsatmalar berildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rasmiy sayti.
O‘zA