AQSH prezidenti Donald Tramp Vashingtonni prezidentlikka saylangan Jo Bayden inauguratsiyasi kuni, 20 yanvar ertalab tark etmoqchi, deb xabar tarqatdi Reyter agentligi ayni ma’lumot bilan yaxshi tanish bo‘lgan manbaga tayanib.

Bir hafta avval Tramp Jo Baydenning inauguratsiyasida ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, u Vashingtonni 19 yanvar kuni tark etishi mumkin, degan xabar ham tarqalgan edi.

Manbada aytilishicha, Tramp Merilend shtatidagi Endryus aviatsiya bazasida xayrlashuv marosimi o‘tkazishni rejalashtirgan. AQSH prezidenti foydalanib kelayotgan samolyot aynan shu yerda saqlanadi. Qo‘shimcha qilinishicha, keyinroq Tramp Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga yo‘l oladi.

Shunday qilib, Tramp o‘rnini egallagan prezident inauguratsiyasida ishtirok etmagan AQSH tarixidagi to‘rtinchi prezident bo‘ladi.

O‘zA