Falastin prezidenti Mahmud Abbos o‘tgan juma kuni mamlakatda saylov o‘tkazish haqida farmon e’lon qildi.

Mazkur tadbir keyingi 15 yil ichida ilk bor tashkil etilmoqda, deb yozadi WAFA agentligi.

“Qonunchilik majlisiga saylovlar 2021 yil 22 mayga belgilandi, prezident saylovi esa 2021 yil 31 iyulda tashkil etiladi”, – deyiladi agentlik xabarida.

Falastin qonun chiqarish organiga saylov natijasiga ko‘ra, 120 o‘rindan iborat mahalliy parlament shakllantiriladi. Ovoz berish jarayoni Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘ida va G‘azo sektorida bir vaqtda bo‘lib o‘tadi.

Qonun chiqarish organi deputatlari Falastin milliy kengashi a’zosiga aylanadi. Kengash 2021 yil 31 avgustda shakllantiriladi.

Falastin qonunchiligi majlisiga saylovlar so‘nggi bor 2006 yil o‘tkazilgan. O‘shanda XAMAS harakati g‘olib chiqqan. Mahmud Abbos mamlakat rahbariga aylangan so‘nggi prezident saylovi esa 2005 yili bo‘lib o‘tgan.

O‘zA