Uganda prezidenti, 76 yoshli Yoveri Museveni navbatdagi saylovda 58,64 foiz ovoz to‘pladi va oltinchi muddatga qayta saylandi.
Bu haqida mahalliy “NTV” telekanali saylov komissiyasi ma’lumotiga tayanib xabar tarqatgan.
Museveni ilk bor 1986 yil mamlakat prezidenti kursisini egallagan, shundan buyon uzluksiz ravishda saylovlarda g‘alaba qozonib, mamlakatni boshqarib kelmoqda. 2019 yil Uganda oliy sudi mamlakat konstitutsiyaviy sudining prezident saylovida ishtirok etish bo‘yicha da’vogarlar yoshini chegaralovchi bandni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini qonuniy, deb topdi.
Saylov komissiyasi bugun Museveni prezident saylovida g‘olib chiqqanini e’lon qildi. Uni 5,8 million kishi, ya’ni 58,64 foiz saylovchi yoqlagan. Asosiy da’vogar, mamlakatda Bobi Uayn nomi bilan tanilgan muxolifat vakili Robert Kyagulani 34,83 foiz yoki salkam 3,48 million fuqaroning ovozini yig‘a olgan.
Avvalroq Bobi Uayn harbiylar uning uyini qurshab olib, muayyan hududdan chiqishiga yo‘l qo‘ymagani xususida bayonot bergan. U mamlakat aholisini amaldagi davlat rahbarining sezilarli ustunligidan darak beruvchi dastlabki natijalarni tan olmaslikka ham chaqirdi. Kyagulani ta’kidlashicha, saylov firibgarlik ruhida, zo‘ravonlikka asoslangan tarzda kechgan va aslida, o‘zi yaqqol farq bilan yutgan.
Prezident va parlament saylovlari Ugandada payshanba kuni, o‘ta kuchli xavfsizlik choralari qo‘llangan holda o‘tkazildi. Saylov oldi kampaniyasi so‘nggi yillardagi eng keskin, mojaroli vaziyatlarga boy voqea sifatida tarixga kirdi. Xususan, muxolifat vakillari, tarafdorlari amaldagi hokimiyat tomonidan qatag‘on siyosati yuritilayotgani, muxolifat yoqlangan norozilik namoyishlari zo‘ravonlik bilan bostirilayotgani, aksiya ishtirokchilari o‘ldirilayotgani, prezidentlikka nomzodlar, jurnalistlar, muxolifatchilar hibsga olinayotganini iddao qilishmoqda.
Eslatib o‘tish joiz, Uganda prezidentligi uchun 11 nomzod kurash olib bordi. Saylovlarda qatnashish uchun jami 18 million kishi ro‘yxatga olingan edi.
O‘zA