Bugun respublikamizdagi yirik sanoat korxonalari hamda xo‘jalik birlashmalari orasida birinchilardan bo‘lib “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruv raisi Jahongir Mustafayevning tashabbusi bilan “Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning drayveri” shiori ostida xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bekobodlik yoshlar bilan kombinat rahbarlarining ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqotni kombinat boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sanjar Madiyarov olib bordi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar, Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, metallurgiya sohasi mamlakat iqtisodiyotining “drayverlari”dan biriga aylanishi uchun barcha sharoitlar mavjudligi, kombinatning sanoat tarmoqlari orasida mustahkam o‘rin egallaganligi hamda undan ham katta marralarni egallash zarurligi haqida so‘zladi. Metallurgiya mamlakat iqtisodiyoti “drayverlari”dan biriga aylanishi uchun yoshlar munosib hissalarini qo‘shishlariga ishonch bildirdi.
Noan’anaviy, rasmiyatchilikdan holi o‘tkazilgan ochiq muloqot chinakam ma’noda bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Yoshlar ham o‘z g‘oyalarini, fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ular o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar, qiziqtirayotgan savollarni o‘rtaga tashlab, yetarlicha javob oldilar. Ular orasidan Alisher Abdusalomov, Javohir Tursunboyev, Sanjar Rayimqulov va Nodir Dehqonovlar tomonidan bildirilgan takliflar kombinat rahbariyati tomonidan ijobiy baholandi.
Ochiq muloqotda kombinat rahbariyatining taklifi bilan yoshlarning ratsionalizatorlik takliflarini qabul qilib olish va uni amaliyotga tatbiq etish maqsadida kombinat rasmiy saytida innovatsion g‘oyalar portali ochildi. O‘z navbatida, ular kombinatning malakali mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqiladi va amalga oshirish imkoniyati yuqori bo‘lgan g‘oya yoki takliflar ajratib olinadi.
Kombinatda ishlab chiqarish sohasida innovatsion fikrlaydigan, salohiyatli, xorijiy amaliyotga ega, bilimli yosh mutaxassislarni ko‘paytirish hamda ularga metallurgiya sohasida yangi loyihalar ustida ishlashlari uchun sharoit yaratish maqsadida ularning bir guruhini kombinat ishlab chiqarish sexlariga ekskursiyasini tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.
Ochiq muloqotda kombinat boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Muzaffar Ubaydullayev, Istiqbolli rivojlanish, investitsiyalar, ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Narimon Umerov va bosh muhandis Shavkat Saydullayevlar yoshlarga kombinatda amalga oshiriladigan investitsion loyihalar va istiqboldagi rejalar bilan yoshlarni tanishtirdilar.
Shuningdek, kombinat Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi boshlig‘i Raxmon Raxmanov yosh mutaxassislarni malaka oshirish va diplomoldi amaliyotlarini kombinatda tashkil etish bo‘yicha barcha imkoniyatlari mavjud ekanligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda hamkor tashkilotlar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti doktoranti, yosh olim Ravshan Toshmatov ham ishtirok etdi.
Kombinat rahbariyati yoshlarni hamisha qo‘llab-quvvatlashga, ularning taklif va g‘oyalarini o‘rganib chiqib, muntazam aloqa o‘rnatishga tayyor ekanligini bildirdi.