O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov transport logistikasi bilan bog‘liq muammo pandemiya davrida eng katta sinov bo‘lgani haqida aytdi.
– Bizda transport koridorlari u qadar ko‘p emas, – dedi S.Umurzoqov. – Biri Rossiya orqali bo‘lsa, yana biri Qozog‘iston tarafda. Qirg‘iziston va Turkmaniston orqali ham yo‘l mavjud. To‘g‘ri, Afg‘oniston orqali yana bitta koridor bor, lekin undan nisbatan kam foydalaniladi.
Rostini aytganda, pandemiyaga qadar 80 foiz yuk shimoliy yo‘nalish hamda Turkmaniston orqali Erondan o‘tardi. Afsuski, pandemiya tufayli bu yo‘llar yopilib, ulardan foydalanish imkoni bo‘lmayapti. Shu bois yuklarni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Dovud ota” posti orqali Qozog‘iston, keyin Rossiya va u orqali Gruziya, Turkiya davlatlariga o‘tkazishga majbur bo‘ldik.
Eng yomoni, pandemiyada yo‘laklarning kutilmaganda yopilib qolgani. Bugun ochiq, lekin ertaga yopilib qoladi. Shuningdek, ko‘plab davlatlar cheklovlar qo‘ygan edi. Ya’ni, ma’lum turdagi mahsulotning davlatdan chiqib ketishiga taqiq qo‘yilgan. Qaysidir davlat oziq-ovqat turlarini, boshqa biri tibbiyot buyumlarini o‘z davlatidan olib chiqishni cheklab qo‘ydi. Ular buning ichiga tranzitmi yoki o‘zimizda ishlab chiqarilganmi, degan savolni qo‘ymagani bois ko‘plab yuklarimiz to‘xtab qoldi. Biz bu muammolarni o‘z vaqtida yechishga ulgurdik.
Shu o‘rinda yurtimizdagi avtomobil yo‘llari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning barchasi xalqaro talablarga javob beradi, deb aytolmaymiz. Agarda xalqaro miqyosda ko‘radigan bo‘lsak, investorlarning qaroriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan bir qancha omillar bor. Yo‘llarning sifati bu omillarning birinchi o‘nligiga kiradi. Chunki, yo‘l juda katta va muhim omil.
Bu borada qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Shu bois bu yilgi investitsiya dasturida ham yo‘llarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, joriy yilda 798 million dollarlik ishlar rejalashtirilgan. Bu mablag‘ning manbasi bor, bizni tashvishga solayotgan masala, bu loyihalar bajarilishi qanchalik shaffof, sifatli, tejamkor bo‘lishi.
Tan olish kerak, yo‘llarning asosiy qismi davlat byudjeti hisobidan ta’mirlanadi. Qolgan bir qismi tashqi qarz, ya’ni katta moliyaviy tashkilotlardan olingan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Mustaqilligimizga ham 30 yil bo‘lib qoldi. Shu davrda bizda tenderlarda ishtirok etib, xalqaro yo‘llarni qurish, ta’mirlash yoki rekonstruksiya qilish salohiyatiga ega bo‘lgan qurilish kompaniyalari shakllandimi-yo‘qmi, degan savolning javobi hammaga ayon. Bu sohada noxush holatlarga yo‘lga qo‘yilgani bor gap.
Lekin endi bunday bo‘lmaydi. Joriy yilning 1 yanvaridan Prezidentimiz qarori bilan yangi tizim yaratilmoqda. Shaffoflikni, imkon qadar tejamkorlik va sifatni ta’minlash borasida.
Bizda dastur bor. Buning uchun Xorazmda sinov tariqasida mahallabay ishladik. Ichki yo‘llarni o‘rganishda aholining fikrini hisobga olib, dasturni pastdan shakllantirdik. Bunda mahallani qaysi yo‘llarini ta’mirlash kerak, qaysi biri eng ko‘p ta’mirtalabligi haqida tadbirkorlar va mahalla faollarining fikrlari inobatga olindi. Shunga ko‘ra, yo‘lni ta’mirlash uchun pudratchi sifatida shu mahalla tadbirkori tanlanadi. U o‘zi yashaydigan ko‘chani ta’mirlashda o‘g‘rilik yoki qalloblik qilmaydi. Axir, bu yo‘ldan farzandlari, ota-onasi, o‘zi ham foydalanadi.
Shuning uchun pastga tushib, real holatda dastur shakllantirsak, samarasi yuqori va natijasi chiroyli bo‘ladi.
Sayyora Shoyeva, Yoqub Meliboyev, O‘zA