Kecha bo‘lib o‘tgan xalqaro birja savdosida Brent markali neftning bir barreli narxi 57 dollardan oshdi. Bunday o‘sish o‘tgan yilning 24 fevralidan buyon ilk bor kuzatilmoqda.
Shimoliy dengizdan olinadigan Brent markali neft aralashmasining mart oyi uchun fyuchers narxi 0,48 foizga oshib, bir barreli 57,03 AQSH dollarga baholangan, WTI markasining fevral oyi uchun fyuchers narxi 0,66 foizga ortib, bir barreli narxi 53,56 dollargacha ko‘tarilgan.
Neft narxi bir tomondan talab oshib borayotgani uchun ko‘tarilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan OPEK+ qaroridan keyin neft qazib olish istiqboli ortayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
O‘tgan hafta OPEK+ tashkilotiga a’zo mamlakatlar ikki kunlik majlis o‘tkazgan edi. Unda ikki oylik savdo ko‘rsatkichlari aniqlab olindi. Bitimning hozirgi shartlarini amalda barcha mamlakatlar uzaytirishga rozi bo‘lgan edi.