Qirg‘iziston prezidentligiga o‘tkazilgan saylovlar va mamlakatdagi boshqaruv shakli bo‘yicha referendum bilan bog‘liq shikoyatlar va qonunbuzarlik holatlari sinchkovlik bilan o‘rganiladi.

Markaziy saylov komissiyasi rahbari Nurjan Shayldabekovaning brifingda ma’lum qilishicha, ayni shu tekshiruvlardan so‘ng qonunbuzarliklarning saylov jarayoniga nechog‘lik ta’sir ko‘rsatganiga aniqlik kiritiladi.

O‘z navbatida, komissiya a’zolaridan biri Tinchtik Shaynazarov jurnalistlarga saylovlar kuni 42 holatda qonunbuzarlik qayd etilganini xabar qilgan.

“Eslatib o‘tamiz, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra prezidentlik saylovida Sadir Japarov 79,17 foiz ovoz to‘plagan holda yetakchilik qilmoqda. Muxolifat nomzodi Adaxan Madumarov 6,68 foiz ovoz olgan. Jami 97,74 foiz byulletenlar hisoblab chiqilgan. Yakuniy natijalar barcha byulletenlar hisoblab chiqilganidan keyin e’lon qilinadi”, deyiladi “Rosbalt.ru” xabarida.