AQSH harbiy havo kuchlarining MQ-9 Reaper jangovar uchuvchisiz uchar apparatlari hamda 90 nafar harbiy Ruminiyaning Kimpiya-Turziy shahridagi aviabazaga joylashtirildi, deb xabar beradi AQSH harbiy havo kuchlarining Yevropa va Afrikadagi qo‘mondonligi.

“AQSH harbiy havo kuchlari ma’lumot to‘plash, kuzatish va NATO amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlashda josuslik harakatlarini bajarish uchun  MQ-9 Reaper  o‘zi uchar qurilmalari hamda 90 nafar askarini Ruminiyaning Kimpiya-Turziy shahridagi aviabazaga joylashtirdi”, – deyiladi qo‘mondonlik saytida.

Xabarda o‘zi uchar qurilmalar va harbiylar uzoq muddatga joylashtirilgani ma’lum qilindi, lekin aynan qancha muddatga ekanligi aytilmayapti.

Mazkur bo‘linma Ruminiya hukumati bilan kelishilgan holda joylashtirildi. Bu bilan AQSH Yevropada xavfsizlik va barqarorlik tarafdori ekanini namoyish qilib, sa’y-harakatlarini NATO bo‘yicha ittifoqchilar hamda boshqa yevropalik hamkorlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratayotganini ko‘rsatadi, deyiladi xabarda.

MQ-9 Reaper Amerikaning General Atomics  kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Ushbu qurilmalarning tezligi soatiga 400 kilometrga yetadi. Apparat 13 ming metr balandlikda 24 soat davomida parvoz qila oladi.