Eron hukumati general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi bo‘yicha qamoqqa olish uchun 48 kishining ismi-sharifi kiritilgan ro‘yxatni Interpolga taqdim etdi.
Bu haqda mamlakat sud hokimiyatining rasmiy vakili G‘ulomhusayn Ismoiliy bayonot bergan.
Mulozimning ta’kidlashicha, generalning o‘limiga aloqador 48 kishining shaxsi aniqlangan. Ular orasida AQSH rasmiy vakillari, jumladan Pentagon va mazkur hududdagi AQSH qurolli kuchlari qo‘mondonligi xodimlari bor. Generalning o‘ldirilishida asosiy rolni esa prezident Donald Tramp o‘ynagan, deydi Ismoiliy.
“Voqeaga aloqador har bir shaxs aniqlandi. Ularning qotillik amalga oshirilishi jarayonidagi ishtiroki qay darajada ekanidan qat’i nazar, tegishli ro‘yxat Interpolga berildi”, – deydi sud hokimiyati vakili “Mizan” agentligi tashkil etgan matbuot anjumanida.