Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ko‘plab boshqa sohalaridagi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Ular qatorida, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati masalalariga ham Yurtboshimiz atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, kelgusi yilda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtirilishini ta’kidlab o‘tdi. Undan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining kelgusi yildagi asosiy yo‘nalishlari qatorida, Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish O‘zbekiston Respublikasining kelgusi yildagi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi, O‘zbekiston Respublikasining asosiy xorijiy sheriklari hisoblangan davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish belgilandi.
Alohida ta’kidlash joizki, Murojaatnomada O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan zamonaviy bosqichdagi o‘zaro manfaatli aloqalariga alohida e’tibor berildi. Davlatimiz rahbari Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qat’iy ishonishimizni va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamasligimizni alohida ta’kidladi.
Xususan, Toshkent Xalqaro Конференциясининг afg‘on muammosini hal etishga qaratilgan global sa’y-harakatlardagi o‘rniga, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagi loyihasining ro‘yobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga beqiyos xizmat qilishi ham Yurtboshimiz tomonidan ta’kidlab o‘tildi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligiga erishgan kundan e’tiboran afg‘on muammosi O‘zbekiston uchun har doim dolzarb ahamiyat kasb etib keladi. Chunki, Afg‘oniston Islom Respublikasida qariyb 40 yildan buyon davom etib kelayotgan ichki nizolar, noqonuniy guruhlarning faoliyati, giyohvand moddalarning yetishtirilishi va boshqa bir qator muammolar bevosita Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalariga jiddiy xavf solmoqda.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida Afg‘oniston Islom Respublikasida tinchlik va barqarorlikka erishishga ko‘maklashish belgilab olingan. O‘zbekiston Respublikasi mazkur yo‘nalishda o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega, ya’ni Afg‘oniston Islom Respublikasining ichki ishlariga aralashmaslik, Afg‘oniston xalqiga o‘z ichki muammolarini yechish imkoniyatini taqdim qilish va mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 911-son Qarori asosida Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi tashkil etildi. Mazkur markazning tashkil etilishi O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida haqiqatan ham uzoq istiqbolli do‘stlik aloqalarining o‘rnatilganligidan darak beradi.
Undan tashqari, Afg‘onistondagi vaziyat O‘zbekiston Respublikasi tomonidan SHHT doirasida ham oliy darajada ko‘tarildi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2020 yilning 10 noyabrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitidagi nutqida bu masalaga alohida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Afg‘onistonda uzoq kutilgan tinchlikka erishish bo‘yicha tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik har qachongidan ham muhimligini, mazkur mamlakatning xavfsizlik va tinchlik masalasiga butun SHHT mintaqasining barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashning muhim tarkibiy qismi sifatida qaralishi lozimligini, Afg‘oniston xalqiga iqtisodiy yordam ko‘rsatish yo‘lidagi ijobiy intilishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ahamiyatga ega ekanligini va boshqa bir qator masalalarni ta’kidlab o‘tdi. Muhtaram Prezidentimiz Afg‘oniston muammosining boshqa masalalarini 2021 yil aprel oyida Toshkentda o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada muhokama qilish taklifini berdi.
Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikning o‘rnatilishi O‘zbekiston Respublikasi uchun qanchalik muhimligi to‘g‘risida Yurtboshimiz muntazam ravishda oliy darajadagi deyarli barcha nutqlarida Afg‘onistonda nafaqat tinchlik o‘rnatishga, balki uning iqtisodiy salohiyatini oshirishga, uni mintaqadagi integratsiya jarayonlariga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotganligining o‘zi aytib turibdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan zamonaviy bosqichdagi aloqalari haqiqatdan ham uzoq istiqbolga mo‘ljallangan va o‘zaro manfaatli aloqalar hisoblanadi.
Amirbek KENJAEV,
Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari
va parlament tadqiqotlari instituti xodimi