Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Meyrid Korrigan ushbu mukofot uchun Julian Assanj, Chelsi Menning va Edvard Snoudenlar nomzodini ilgari surdi, deyiladi Nobel qo‘mitasi Korriganning maktubiga asoslanib.
“Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga uchalasining ham nomzodi ko‘rsatilgan, lekin birortasi hali olgani yo‘q. Barchasini birgalikda ko‘rsatishimning sababi, ular hukumatning noqonuniy harakatlarini oshkor etib jasorat ko‘rsatgan. Hayoti, o‘z manfaatlaridan voz kechib ko‘rsatgan fidoyiligi inson ruhiyatining qanchalar ulug‘vorligini yana bir bor namoyon etadi”, – deb yozadi Korrigan.
Julian Assanj Buyuk Britaniya qamoqxonasida saqlanmoqda va hamon AQSHga topshirilishi xavfi ostida qolmoqda. Korrigan xonimning ta’kidlashicha, agar Assanj AQSH hukumatiga topshirilsa, unga “shafqatsizlarcha, noinsoniylarcha munosabatda bo‘lishi mumkin”, hatto o‘lim jazosiga hukm qilinish xavfi ham bor.
Chelsi Menning esa Assanjga ma’lumotlar berib turgani uchun AQSH qamoqxonasida yetti yil o‘tirib chiqdi. Keyinchalik Assanjga qarshi guvohlik berishdan bosh tortgani uchun yana panjara ortiga tashlandi, qo‘shimcha qiladi Korrigan o‘z maktubida.
U AQSH maxsus xizmatining maxfiy kuzatuv dasturini oshkor qilgani uchun Rossiyadan boshpana topdi va umrbod qamoq jazosini olishdan qo‘rqib vataniga qayta olmayapti.
“Tinchlik yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan ushbu shaxslar vijdon amriga tayangan va o‘z burchlarini sidqidildan ado etgan. Ishonchim komil, ular qo‘rqishgan, lekin o‘zgalar uchun xizmat qilish buyuk sharaf ekanini, insoniylikning yuksak sifatlarini ko‘rsata olgan”, – deydi Korrigan.
Korriganning o‘zi 1976 yilda Shimoliy Irlandiyadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. U Betti Uilyams bilan birgalikda tinchliksevar insonlar hamjamiyati tashkilotiga asos solgan va mojaroning bartaraf etilishiga erishgan.