Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida mintaqamizda, butun dunyoda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotganiga jiddiy tashvish bildirilib, bu masalada qo‘shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi ekologik fojiasi ta’sirini yumshatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qat’iy davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytiramiz, deya ta’kidlandi.

Darhaqiqat, Orol dengizi qurishi nafaqat mintaqamiz, balki global darajadagi ekologik ofat markaziga aylandi. Shu sababli o‘tgan yili sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ham, 2017 yildagi 72-cyessiyada ham muhtaram Prezidentimiz bu masalani kun tartibiga alohida qo‘ygan edilar.

O‘shanda tarixda birinchi bor, BMT oliy minbarida Prezidentimiz dengizning xaritasini butun jahon hamjamiyatiga ko‘rsatib, muammoning nechog‘li chuqur va naqadar murakkab ekanligini kuyunchaklik bilan ochib bergan edilar.

O‘tgan yili esa Yurtboshimiz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash taklifini bildirganlari bejiz emas.

Binobarin, dengizning qurigan tubida, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida paydo bo‘lgan 5,5 million gektar maydondan har yili 75 million tonna chang va zaharli tuzlar atmosferaga ko‘tarilib, olis Pomir, Tyan-Shan, hatto Grenlandiya, Arktika muzliklari va Norvegiya o‘rmonlariga qadar yetib bormoqda.

Albatta, mamlakatimiz tashabbusi bilan 2017 yilda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzilgan bo‘lib, u og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur fondga Norvegiya, Finlyandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi, Germaniya, BAA, Turkiya, Shveysariya kabi davlatlar donorlik yordamlarini ko‘rsatib, katta qiziqish bildirayotgani uning istiqboli katta ekanligini ko‘rsatadi.

Biroq ochig‘ini aytish kerak, ayni paytda asosiy ishlar O‘zbekistonning o‘z zimmasiga tushmoqda, misli ko‘rilmagan ishlarga ketayotgan xarajatlar asosan, respublika va mahalliy byudjet va xayriya mablag‘laridan qoplab kelinmoqda.

Murojaatnomadagi asosli va o‘rinli taklif ham Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning izchil va mantiqiy davomi bo‘lib, so‘nggi to‘rt yilda dengiz tubining qurigan qismida bir yarim million gektarga yaqin yerlarda o‘rmon va butazorlar tashkil etilgani, joriy yilda bunga yana 700 ming gektar yer qo‘shilishi mamlakatimiz olib borayotgan ishlar ko‘lamining nechog‘li kattaligini isbotlab turibdi.

Bu yerda O‘zbekistonning misli ko‘rilmagan chora-tadbirlari o‘laroq yaratilayotgan yangi o‘simlik maydonlari, yaylovlar va daraxtzorlar tuproq qatlamini shakllantirishda, iqlim va atrof-muhitning sekin-asta o‘zgarishiga, Orol bo‘yidagi ekologik xatar oqibatlarini yumshatishga, millionlab insonlar salomatligiga zararini kamaytirishga hissa qo‘shmoqda.

2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi, shuningdek Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan Orol dengizi havzasi va Orolbo‘yi mintaqasida, unga yondosh Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida “yashil belbog‘” yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

O‘tgan yil 2 oktyabrdagi “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaliklar tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori esa bu maqsadlarni strategik ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Endilikda Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi faoliyatini kuchaytirish nihoyatda dolzarbdir. O‘zi trast fondlar boshqaruv tizilmasi qarorlar qabul qilish, mablag‘larni taqsimlash va hisobdorlik jarayonlaridagi aniqlik va tartiblilik bilan ajralib turadi. Butun dunyo miqyosidagi 50dan ortiq BMTning bu kabi fondlari o‘zining shaffoflik tamoyillari bilan ham g‘oyatda samarali ekanligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston bu borada ham yetarli tajriba to‘pladi va xalqaro hamjamiyatning bu ekologik muammo atrofida jipslashishi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha global harakatlar strategiyasini to‘ldirishga xizmat qiladi.

Hech shubhasiz, bunday intilishlar bu yerdagi aholining bandligini ta’minlash, iqtisodiy va hayot farovonligini oshirish bilan bog‘liq kompleks muammolar yechimida munosib o‘rin egallaydi.

Bu ekotizimlar muvozanatini tiklash va bioxilma-xillikni ta’minlashdan tashqari, infratuzilmalar yaratish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, qishloq xo‘jaligi va sayyohlikni rivojlantirish orqali hududdagi 100 mingga yaqin aholining bandligini, ekologik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkoniyatini yaratadi.

Shu ma’noda Murojaatnomada ko‘tarilgan bu tashabbus O‘zbekistonning mintaqaviy va global ekologik muammolar yechimida shunchaki oddiy tomoshabin sifatida emas, balki uning yechimiga amaliy harakat qilayotgan jonkuyar va faol ishtirokchi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlashga qaratilgandir.

Komiljon KARIMOV,

JIDU rektori,

siyosiy fanlar nomzodi