O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari 2021 yil 1 yanvardan haftalik o‘qish kunlarini mustaqil belgilaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan:

– OTM huzuridagi texnikumlarda o‘quv mashg‘ulotlarini olib borayotgan professor-o‘ituvchilarning mehnatiga soatbay haq to‘lash OTM talabalariga dars o‘tganligi uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlarida amalga oshiriladi;

– ta’lim jarayonini tashkil etishda haftalik o‘quv kunlari OTM tomonidan mustaqil belgilanadi;

– OTMda tashkil etiladigan yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi raislari tegishli OTM rektori(filial direktori) buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Shuningdek, qarorda belgilanishicha, 2020/2021 o‘quv yilidan respublika oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkaziladi.

Oliy ta’lim muassasasi kengashi qarori asosida professor-o‘qituvchilar OTMda 3 yil ishlab berishni nazarda tutuvchi shartnomani rasmiylashtirgan holda nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy muassasalarda stajirovka o‘tashi va malaka oshirishi, 5 yil ishlab berishni nazarda tutuvchi shartnomani rasmiylashtirgan holda esa nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy muassasalarning doktorantura dasturlarida o‘qishi mumkin.