Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov Nukus “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi hamda Xo‘jayli tumanidagi 1-sonli “Mehribonlik uyi”da bo‘lib, yangi yil bayrami bilan muborakbod etdi.

Bu yerda davolanuvchilar va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi nomidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Internat uyida bugungi kunda o‘zgalar parvarishiga, tibbiy va ijtimoiy yordamga muhtoj, ruhiyatida sezilarli nuqsoni bo‘lgan 18 yoshdan yuqori I va II guruh nogironligi bo‘lgan 250 nafar ayol yashab kelmoqda. 2017-2018 yillar davomida Investitsiya dasturiga muvofiq yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu yerda yashovchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Ular malakali shifokorlar tomonidan yiliga ikki marta chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Xotin-qizlar zarur protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari bilan yetarli darajada ta’minlangan. Bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun kutubxona, sport o‘yinlari xonasi bo‘lib, zarur inventarlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, basketbol, voleybol va yugurish maydonchalarida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari tikish, musiqa, raqs va boshqa to‘garaklar tashkil etilgan. Bayram kunlari turli tadbirlar o‘tkazilib turiladi.

Tadbir so‘ngida Nukus «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi direktori Lidiya Romanovna Kim bunday e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov Xo‘jayli tumanidagi 1-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga Prezident sovg‘alarini topshirdi.

Mehmonlarga “Tong g‘unchalari” ansambli tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA