Mamlakatimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarda xorijiy tajriba asosida yangiliklarni joriy etishga alohida e’tbor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi o‘rtasida rus tili va umumta’lim fanlarini rus tilida o‘qitishga oid memorandum imzolangan edi.

Unga ko‘ra, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti va A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti loyihani amalga oshiruvchi ishchi organlari etib belgilangandi.

Kuni kecha Rossiya Federatsiyasi maorif vazirining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Glushko boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda mazkur loyiha, O‘zbekistonda rus tili va umumta’lim fanlarini rus tilida o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan “Zo‘r!” (“Klass”) loyihasining dastlabki natijalari, birinchi bosqichda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Loyihaning birinchi bosqichida A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining 32 nafar mutaxassisi A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutining ishchi guruhi ko‘magida respublikamizning 14 ta hududidagi ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarda tadqiqot o‘tkazib, unda 4 ming nafar o‘qituvchining rus tilini xorijiy til sifatida bilish darajasini aniqlash maqsadida test o‘tkazildi.

O‘qituvchilardan 3,2 ming nafari malaka oshirish dasturi asosida malakasini oshirgan. Loyiha doirasida tasodifiy tanlov asosida  ushbu maktablar 9 va 11- sinf o‘quvchilarining rus tilini chet tili sifatida bilish darajasi ham o‘rganilgan.

Loyihaning birinchi bosqichi natijalari qaysi hududlarda o‘zbek tilida dars beriladigan maktablardagi o‘qituvchilarning malaka oshirishiga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligi, yosh rus tili o‘qituvchilarining o‘rtacha rus tilini bilish darajasi kattaroq yoshdagi o‘qituvchilarga nisbatan ancha past ekanligi aniqlandi.

Ushbu natijalar pedagogika universitetlarida ham rus tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga e’tiborni yanada kuchaytirish muhimligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbek tilida dars beriladigan maktablarda rus tilini o‘rgatishni yaxshilash esa joylardagi rus tilida dars beriladigan maktablarga ota-onalar tomonidan ortib borayotgan talabni kamaytirishga olib keladi. Oilada o‘zbek tilida gaplashadigan bolalarning qiynalib rus tilidagi maktabda emas, balki o‘zbek tilidagi maktabda o‘z ona tilisida boshqa predmetlarni yaxshiroq o‘rganishiga yordam beradi.

Aytish joizki,A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti va A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida olib borilayotgan mazkur loyiha doirasida birinchi bosqichga rejalashtirilgan ishlar samarali olib borilganligi ta’qidlandi va ikkinchi bosqichga start berildi.

bugungi kunda loyihaning keyingi bosqichlarini amalga oshirish uchun 100 nafar o‘qituvchi tanlab olingan bo‘lib, 2021 yilning yanvar oyida 70 nafar pedagog O‘zbekistonning turli hududlariga loyihani davom ettirish uchun Rossiyadan yetib kelishi rejalashtirilgan. Ular faqat o‘zbek tilida dars beriladigan maktablarga borib, u yerdagi rus tilini o‘rgatish sifatini oshirishga yordam beradi.

Shuningdek, rus tilini o‘rgatish metodikasini ham hamkorlikda qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Ko‘proq e’tiborni grammatika o‘rniga 4 ta asosiy ko‘nikmani (eshitib tushinish, o‘qib tushinish, gapirish, yozish) shakllantirishga qaratilgan dastur, darsliklarni yaratishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, ikki davlat ta’lim vazirliklari bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida farzandlari bilan yashab, mehnat qilayotgan muhojirlarning maktabga bormayotgan farzandlarini Rossiya Federatsiyasidagi maktablarda ta’lim olishi imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish haqida kelishib oldi. Ishchi guruh tomonidan dastlabki bosqichda qancha maktab yoshidagi bolalar Rossiya hududida yashayotgan, ammo ta’lim ololmayotgani o‘rganib chiqiladi, hamkorlikda bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash choralari ko‘riladi.

O‘zA