Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan bir guruh farzandlariga bir yillik shartnoma pullari to‘lab berilganligi haqidagi sertifikatlarni topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan qutlab, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan talaba-yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlaganidek, yakunlanayotgan yil mamlakatimiz uchun og‘ir keldi. Butun dunyoni larzaga solgan koronavirus pandameyasi bir qator muammolarni keltirib chiqardi. Shunga qaramasdan Prezidentimiz rahbarligida boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, «temir daftar» ro‘yxatidagi oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida samarali ishlar amalga oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining joriy yil 14 dekabrdagi qarori bilan 9 ta oliy ta’lim muassasasida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan 253 nafar talabaning 2020-2021 o‘quv yilidagi 1 milliard 546,2 million so‘mlik shartnoma puli to‘lab berildi. Talabalarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining talabasi Baxtigul Matchanova, ushbu institutning talabasi Nargiza Ochilova, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti talabasi Shohruh Rajapov so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.

– 2018 yilda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining turkiy tillar fakulteti talabasi bo‘lganimda birinchidan xursand bo‘lsam, ikkinchidan shartnoma pulini qalay to‘layman, degan hayajon bo‘ldi, – deydi Baxtigul Matchanova. – Ota-onamdan erta ayrilib, opamning tarbiyasida voyaga yetdim. Bir yillik shartnoma puli davlat tomonidan to‘lab berilishini eshitganimdagi xursandchiligimni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Hozirgi sinovli kunlarga qaramasdan bizlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz.

Talaba-yoshlarga shartnoma pullari to‘lab berilganligi haqidagi sertifikatlarni topshirishga bag‘ishlangan tadbir Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialida, Yoshlar markazida, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialida ham bo‘lib o‘tdi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA