Taniqli va tajribali huquqshunos Paraxat Aytniyazov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasining raisi etib saylandi.

Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar qildi.

1950 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan P.Aytniyazov mehnat faoliyatini Amudaryo tumani “Berdaq” xo‘jaligida oddiy ishchilikdan boshlagan. Oliy tahsildan so‘ng Nukus shahar sudida stajyor, sudya, Qo‘ng‘irot tumani sudi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari, sobiq Ittifoq adliya vazirligida katta maslahatchi vazifalarida ishladi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qori Kengesida qo‘mita raisi, Qoraqalpog‘iston Oliy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti vazifalarida ham samarali faoliyat ko‘rsatgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist,  “Do‘stlik” ordeni  sohibi.

Tayinlovga qadar Paraxat Aytniyazov O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari – Sudyalar oliy kengashi a’zosi (jamoatchilik asosida)  sifatida ishlab kelayotgan edi.

                                                                                              O‘zA