Agar chakana savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan sotilayotgan tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun naqd pul yoki plastik kartochkalar orqali to‘lov shakliga qarab narxlarni sun’iy ravishda oshirish yoki kamaytirish holatlariga yo‘l qo‘yilsa, bu hisob-kitob terminallaridan foydalanish tartibini buzish sifatida ko‘riladi.
Bunday holatda tadbirkorga eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017- yil 15- fevralda qabul qilingan «Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarida naqd pul yoki plastik kartochkalar orqali to‘lov shakliga qarab sun’iy ravishda narxlarni oshirish yoki kamaytirish, nazorat-kassa mashinalari, hisob-kitob terminallarini qo‘llash, shuningdek, belgilangan tartibdagi talonlar va xarid cheklari berilishi, naqd pul tushumlarini to‘liq va o‘z vaqtida inkassatsiya qilinishi yuzasidan tashkil etiladigan tekshiruvlar Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi ruxsatnomasi asosida o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlar hisoblanmaydi.
Bunday nazorat tadbirlarini amalga oshirishda birinchi navbatda huquqbuzarlik profilaktikasiga asosiy e’tibor qaratilib, hujjatli tekshirish o‘tkazish qat’iyan man etiladi.